“YASHIL MAKON” ORZUSI HAQIQATGA AYLANMOQDA

Date:

Kuni kecha Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisda ishtirok etib, nutq so‘zlagan edi. Yig‘ilishda boshqa masalalar qatori 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlanishi ko‘p jihatdan bugungi kunda butun dunyoda kuzatilayotgan ekologik global inqirozning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbir sifatida baholash mumkin.
Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotga tatbiq etilishi so‘nggi yillarda xalq farovonligi va yurt obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarning bir isboti desak xato bo‘lmaydi. Bugungi kunda mamlakatimizning har bir go‘shasida xalqimizga xos azaliy qadriyatlaridan bo‘lmish — ko‘chat ekish, bog‘-rog‘lar yaratishdek savobli ishlar ko‘lami kengaygandan kengaymoqda. Bu kabi tabirlar viloyatimizda ham keng miqyosda hamjihatlikda olib borilmoqda. O‘zingiz bir eslang, bundan taxminan 4-5 yil ilgari viloyatimiz markazi — Termiz shahriga tashrif buyuruvchilar yozning jaziramasida daraxtlar siyrakligi tufayli soya topolmay qiynalishardi. Mana, bugun ko‘rib, bilib turibsizki, Termiz shahri ko‘chalari chekkalari, tashkilot va idoralar atroflari daraxtzorlar bilan qoplangan. Bu o‘z vaqtida qilingan amaliy sa’y-harakatlar ijobiy samara bera boshlaganligidan dalolatdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi ham bejiz emas. Zero, so‘nggi yillarda dunyo miqyosida global ekologik inqirozlar avj olib, tabiiy ofatlar yuz berayotganligi, hammasidan ham tashvishlanarlisi, tabiat hodisalari ilgari ma’lum bir mavsumda sodir bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu talafotlar mavsum va fasl tanlamayapdi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida kutilmagan tabiiy ofatlar yuz berayotganligi barchamizni ogohlikka chorlashi zarur. Dunyoning biron-bir nuqtasida sodir bo‘layotgan ekologik inqirozlar ma’lum bir mintaqa hamda yondosh mamlakatlar tabiatiga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi bugun hech kimga sir emas. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida yurtimizda atrof-muhitni asrash va obodonlashtirish masalasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatimizda ham daraxt ko‘chatlarini ekish, bog‘-rog‘lar bunyod etish borasida olib borilgan tadbir o‘z samarasini bermoqda.
Respublikamizning janubdagi gavhari bo‘lmish viloyatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan kundan to shu vaqtga qadar 40 milliondan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilganligi rostdan ham hayratlanarli.
— Joriy yil kuz mavsumida jami 6 million 3 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda viloyatda keng ko‘lamda tasdiqlangan manzilli dastur asosida sug‘orish tizimini inobatga olgan holda mahalla hududlari, ko‘p kvartirali uy-joy massivlari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, avtomobil hamda temir yo‘llarning atrofi, hokimlik zaxirasidagi bo‘sh yerlar, dala chetlari, irrigatsiya va melioratsiya obyektlari muhofaza zonalari va ijtimoiy soha muassasalarining bo‘sh yerlarida ko‘chat ekish uchun yer maydonlarini tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i B. Urunov.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Prezidentimizning sohaga oid qaror va farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda 83 gektar yerda 25 ta “Yashil jamoat parklari”, 36,6 gektar maydonda 15 ta “Hokimlik bog‘lari” tashkil etilishiga erishilganligi quvonchli voqea, albatta. Ushbu bog‘larga 42 mingdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekilgan. Shuningdek, viloyat hududida atrof-muhitga ta’sir xavfi bo‘yicha 85 ta I va II toifadagi yirik sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda “Yashil belbog‘lar” tashkil etish uchun bahor va kuz mavsumlarida bugungi kunga qadar, 358 ming 400 tup ko‘chat ekilgan.
So‘nggi yillarda viloyatimizda kuzatilayotgan qum bo‘ronlari, mahalliy til bilan aytganda “Afg‘on shamoli” keltiradigan zararning oldini olish, uning ta’sirini kamaytirish maqsadida viloyat hokimligi tashabbusi bilan Termiz, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlari tutashgan “Kattaqum” massivi hududiga 14,8 ming gektar maydonga 100 ming tup saksovul ko‘chatlari va 80 tonna urug‘lari ekilib, yashil qalqon barpo etildi. Albatta, bu tadbirlar uchun ko‘plab ishchi kuchi jalb qilinib, ulkan mablag‘ sarflanganligi barchaga kundek ravshan. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘oniston mamlakati bilan chegaradosh bo‘lgan Termiz shahar hamda Termiz tumani mahallalari hududiga qum bo‘ronlari yopirilishining oldini olish bo‘yicha 12 gektar yer maydoniga Eldor qarag‘ayi ko‘chatlarini ekish orqali yana bir “Yashil belbog‘” yaratilganligi amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligidan dalolat.
— Yana bir masalani alohida e’tirof etishimiz lozim, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i B. Urunov, — “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida, davlatimiz Rahbari xalqaro avtomagistral yo‘lining har ikki yoqalarini daraxtzorga aylantirish, yashil qoplamalar tashkil etish kerakligini ta’kidlangan edi. Joriy kuz mavsumida “Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz” yo‘nalishidagi M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz, Angor, Muzrabot hamda Sherobod tumanlari hududidan o‘tuvchi 61 kilometr qismiga manzarali daraxt ekish bo‘yicha reja ishlab chiqdik.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda adir va toshloq yerlar tekislanib, unumdor tuproqqa almashtirish tadbirlari amalga oshirilib, ko‘chat ekish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Mazkur yer maydonlariga 290 mingdan ortiq ko‘chatlar ekiladi. Shu hududda suv tizimini yaxshilash uchun, 12 kilometr qismida yo‘lning ikki tarafida jami 29 gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimi hamda 5 ta suv havzalari barpo qilindi. Bundan tashqari, M-39 xalqaro avtomobil yo‘li atrofidagi 122 kilometr maydonda sug‘orish tizimi joriy etiladi; bunda 32 ta sug‘orish hovuzlari barpo etilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Hozirgi kunda ushbu tadbirga 100 nafardan ortiq ishchi, 150 dan ortiq maxsus va og‘ir texnika jalb etilmoqda.
Bugun komil ishonch bilan aytish mumkinki, viloyatimizda bu borada keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Zero, o‘zini shu yurt farzandi, uning baxt-u kamoliga burchliman deb hisoblaydigan har bir yurtdoshimiz g‘ayrat ko‘rsatib, mamlakatimiz taraqqiyotiga imkon qadar hissa qo‘shmog‘i zarur. O‘lkamiz yashillikka burkanib, atrof-muhit toza, havo musaffo bo‘lsa, nafaqat go‘zallik kasb etadi, balki insonlar salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, ushbu tadbirda har birimiz faol ishtirok etib, hovlimizni, yon-atrofimizni, mahallamizni gulzorlarga aylantiraylik! Bugungi kunga kelib, xalqimizning “Yashil makon” orzusi ushalib, tobora haqiqatga aylanmoqda. Bu xayrli ishga siz ham o‘z hissangizni qo‘shing!

Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun