OTANING KO‘ZINI OCHGAN FARZAND…

Date:


(Hayotiy voqea)

U mehmonxonadagi divanda yotib televizor ko‘rardi. Bir mahal 5-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li qo‘lida chizgan rasmini ushlagancha otasiing oldiga kirib kelib, dedi:
— Dada, qarang, men kelajakda orzu qilayotgan uyimning suratini chizdim.
U chiroyli, zamonaviy uch qavatli villaning rasmini ko‘rib, o‘g‘li chizganiga ishonmadi.
— O‘g‘lim, shu rasmni rostdan ham o‘zing chizdingmi?
— Ha, dada, o‘zim, hech kim yordam bermadi. Axir kelajakda arxitektor bo‘lmoqchiman-ku?
U o‘g‘lini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi:
— O‘zing chizgan bo‘lsang… qani, shu uyingni bir tasvirlab berchi. Nechta xona bor: shularning nechtasi mehmonxona, yotoqxona, oshxona, vanna…
— Dada, sizni tushundim. Bu uch qavatli villaning rasmini chizganimga ishonmayapsiz. Unday bo‘lsa eshiting.
O‘g‘il shunday deya barcha xonalarni birma-bir tasvirlab berdi. Shunda ota 6 ta yotoqxonalar ko‘p emasmi, deya so‘radi.
— Yo‘q, dada, ko‘p emas. Men ataylab har qavatda ikkitadan yotoqxona bo‘lishini istadim. Uchinchi qavatdagi yotoqxonalar xuddi bizdagidek bir yilda bir marta keladigan mehmonlar uchun doim tayyor turishi kerak. Ikkinchi qavatdagi yotoqxonalarda bolalarim yotadi. Men ikki nafar bolam bo‘lishini istayman. Alohida-alohida yotishadi, o‘zlarining xonalari bo‘ladi. Birinchi qavatdagi yotoqxona esa bizlar uchun.

U o‘g‘lining aqliga qoyil qoldi. Demak bizga “Ota-onam keksayganda zinapoyalardan yurishga qiynalishmasin”, – deb birinchi qavatdan yotoqxona ajratibdi-da… O‘g‘lining peshonasidan o‘pib qo‘ydi-da, undan kelajakda yaxshi arxitektor chiqishiga ishonishini aytdi.
— Baraka top, o‘g‘lim. Juda chiroyli villaning rasmini chizibsan. Ilohim uni qurishlik o‘zingga nasib qilsin! Men bilan onangga birinchi qavatdan joy ajratib to‘g‘ri qilibsan, qariganimizda zinalardan yurishga qiynalib qolishimizni bilibsan-da, rahmat senga!
O‘g‘il otasiga yarq etib qaradi:
— Dada, birinchi qavatdagi yotoqxona sizlar uchun emas!
— Unda kim uchun?
— Men u yerga buvam bilan buvimni olib kelaman. Axir ular haliyam eski, nurab yotgan uyda yashaydilar! Siz ularni yangi qurilgan uyimizga olib kelmadingiz-ku?! Shuning uchun men ularni o‘zim qurgan uyga olib ketaman. Siz esa oyim bilan shu uyda turaverasizlar!
U o‘g‘lining bu gapidan karaxt ahvolga tushib, lom-mim deya olmadi. Xuddi ustidan kimdir sovuq suv quygandek, butun badanini muzdek ter bosdi. Ko‘z o‘ngidan ota-onasining eski, nurab yotgan uyda kun kechirishayotgani o‘ta boshladi… Yuragi ezilib, tomog‘iga achchiq bir narsa tiqilgandek bo‘ldi. Beixtiyor ko‘ziga yosh keldi…
U shartta o‘rnidan turdi va yilda bir keladigan mehmon uchun qulflab qo‘yilgan yotoqxonaga kirib, derazalarni ochdi va havosini yengillatdi. Keyin o‘g‘lini bag‘riga bosib dedi:
— Ota-onam: “Bormaymiz, o‘zimizning uyimizda turamiz”, – deyishsa indamay ketaveribman. Aslida ich-ichimdan alohida yashashni istaganim uchundir balki… Meni kechir bolam! Katta gunoh qilganimni hozir angladim. Yosh bo‘lsang ham ko‘zimni ochding! Yur, ketdik, hoziroq buvang bilan buvingni olib kelamiz! Ulardan kechirim so‘rayman, poylariga boshimni uraman! Qilgan gunohim uchun Allohga tavba qildim…
U shunday deya ko‘zida yosh bilan o‘g‘lini moshinaga o‘tkazdi-da, uyining ustunlari, duogo‘ylari bo‘lmish OTA-ONASIni olib kelish uchun yo‘lga otlandi…

B. HOJIMATOV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun