Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasida apellyatsiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi berilgan. Unga ko‘ra:
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apelyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa apelyatsiya protesti keltirishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqlidir, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno. Sudning hal qiluv qarori ustidan to‘liq yoki qisman shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) tumanlararo ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari ustidan berilganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan, shuningdek, hududiy harbiy sudlarning hal qiluv qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining birinchi instansiya bo‘iycha qabul qilingan hal qiluv qarorlari ustidan berilganda – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari ustidan berilganda – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘riladi.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellyatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart (202-modda).
Agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyatini (protestini ) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining sud’yasi tomonidan, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklananishi mumkin (203-modda).
Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqida apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklashni rad etish haqida apellyatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
Apellyatsiya protestiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga protestning va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Arizani (shikoyatni) qaytarish yoki arizani (shikoyatni)qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan berilgan apellsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza (shikoyat) va uni sudga berish chog‘ida unga ilova qlingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Sherali MUSTAFAQULOV,
Termiz tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi