UMAR TERMIZIY MA’NAVIY MEROSINING ISLOM TAMADDUNIDAGI AHAMIYATI

Date:

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda ulug‘ allomalarimizning tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan boy ma’naviy merosini o‘rganish va uni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Zero, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafikkirlar, xususan, termiziy allomalar o‘z asarlarida islom dinining tinchlik va birodarlik g‘oyalarini aks ettirishga intilganlar. Mana shunday mutafakkirlardan biri XV asrda yashagan mufassir va so‘fiy Umar Termiziy hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar alloma xususida islom klassik manbalarida juda kam ma’lumot saqlanib qolgan. Xususan, Umar Termiziyning oilasi va tug‘ilgan manzili hamda qabri haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. U kishining yozgan “Tafsiri suratul ixlos” va “Kitab un-niyya” (“Niyat kitobi”) asarlari bizgacha yetib kelgan. Umar Rizo Kaholaning (1323-1408/1905-1987) ma’lumot berishicha, so‘fiy va voiz Umar Termiziyning “Tafsiri suratul ixlos” va “Kitab un-niyya” (“Niyat kitobi”) asarlari Qohiradagi “al-Xidayviya” kutubxonasida 2/173, 17945 raqamlari ostida saqlanmoqda.
Alloma qalamiga mansub “Tafsiri suratul ixlos” kitobi xijriy 857-yil, milodiy 1453-yillarda yozilgan bo‘lib, ushbu kitobda hadislardan namuna keltirib bayon qilib beradi.
Allomaning mazkur kitoblarini o‘qir ekanmiz, bevosita Imom G‘azzoliyning ixlos va niyat bilan bog‘liq kitoblarini o‘qiyotgandek bo‘lamiz. Umar Termiziy ham o‘z asarlarini yozishdagi uslubini to‘g‘ridan to‘g‘ri Imom G‘azzoliydan olganligi bilinib turadi. Umar Termiziy tomonidan keltirilgan hadis va rivoyatlar Imom G‘azzoliyning “Niyat va Ixlos kitobi”da ham xuddi shu ko‘rinishda keltiriladi. Imom G‘azzoliyning yana bir uslubi shuki, u pand-nasihat berishni o‘quvchining diqqatini kuchliroq tortish maqsadida “Bilginki” degan ibora bilan boshlaydi. Umar Termiziy ham xuddi shunday uslubdan foydalandi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, Umar Termiziy Imom G‘azzoliyning asarlaridan foidalangan. Umar Termiziy “Niyat kitobi”ning kirish qismida hamd-u sanodan so‘ng, “Men niyat kitobini beshta bobga bo‘ldim”, deydi.
Birinchi bob: Niyatning fazilatlari. Unda kishining niyati naqadar xolis bo‘lishi lozimligi haqida hadislar va rivoyatlar asosida pand-nasihatlar beradi. Niyatning fazilati bobida Qur’oni karimning bir qancha suralaridan misol keltiradi.
Ikkinchi bob: Niyatning haqiqati. Unda kishi niyatini qanday qilishi lozimligi o‘rgatiladi. Niyatning haqiqati bobini “Bilgilki, niyat, xohish va qasd bir ma’noda bo‘lsa-da, ularning o‘z o‘rinlari bor, ular qalb sifatlaridandir”, deb boshlaydi. Ushbu tushanchalarning har birining o‘rnini ko‘rsatib beradi. Bu bobda ham Umar Termiziy turli hadis va rivoyatlar keltiradi.
Uchinchi bob: Niyatning amaldan yaxshiligi bayoni haqida. Bu bobda muallif kishining niyati uning amalidan yaxshi ekanligi haqida xadislar asosida pand-u nasihatlar beradi. Jumladan, shunday deydi: “Bilgilki, albatta niyat sirdir, amal esa zohirdir. Kishining niyatini faqat yolg‘iz Alloh biladi”. Umar Termiziy Haj surasining 37-oyatidagi: “Ularning go‘shtlari ham, qonlari ham zinhor Allohga yetmas. Lekin Unga sizdan taqvo yetadi” oyatidagi taqvo kalimasini qalb sifatidir, ya’ni niyatidir deb keltiradi.
To‘rtinchi bob: Niyatga taalluqli bo‘lgan amallarning bo‘linishi. Niyat har bir narsada o‘z ta’siriga ega ekanligi ma’lum bo‘lgach, aytish kerakki, uning harom narsalarda ta’siri yo‘q. Niyatning go‘zalligi, qasdning oliyligi haromni halolga aylantirib qo‘ymaydi va haromning harom bo‘lishiga asos bo‘lgan ifloslikni undan ketkazmaydi. Kimki sudxo‘rlik ila yoki o‘g‘rilik ila, umuman har qanday ta’qiqlangan yo‘l ila pul topib, shu pulga masjid qurishni yoki yetimlar uyi qurishni yoki madrasa qurishni yoki ushbu harom mol ila faqir va hojatmandlarga sadaqa qilishni niyat qilsa, bu yaxshi niyatining hech qanday o‘rni bo‘lmaydi. O‘sha kishidan harom ish qilganligi ham o‘chirilmaydi. Bunga quyidagi hadis dalolat qiladi: “Alloh pokdir va faqat pok narsani qabul qiladi”.
Umar Termiziy “Niyat kitobi”ni ham Imom G‘azzoliyning “Niyat kitobi”ga mos ravishda yozgan. Uning niyatni besh qismga bo‘lib o‘rgatishi ham G‘azzoliyning niyatni besh qismga bo‘lib o‘rgatishi bilan o‘xshashdir.
“Niyat kitobi”da mualif niyatning xususiyatlari, go‘zal niyatning Alloh taolo nazdidagi o‘rni, niyatning tarkibiy tuzilishi masalasiga alohida urg‘u beradi. Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalarga xulosa sifatida aytish mumkinki, Umar Termiziy diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan benazir olim bo‘lib, o‘z asarlarida ixlos, uning darajalari, niyatning maqomi borasida Qur’oni karim va hadislar vositasida o‘xshashi yo‘q misollar keltirilgan. Uning asarlarini o‘rganish, ularda keltirilgan ixlos, niyat, ularning inson ma’naviy kamolotidagi ahamiyati kabi masalalar bugungi kunda islomshunoslikka oid tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Muxiddin Choriyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Happy kids”da hosil bayrami

Kuz fasli dehqonlarning hosiliga baraka kirib, yig‘im-terim boshlangan davr...

Oliy ma’lumotsiz psixologik yordam ko‘rsatish taqiqlanadi

Joriy yilning 5-noyabrida qabul qilingan «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish...

Ma’daniy o’rmonzor barpo etiladi

Atrofimiz bogʻ-u boʻstonga, yaxshillikka burkanar ekan, ekologiyamiz, olayotgan nafasimiz...

Umida Omonova gʻolib

Yoshlarning sportda, ijodda, sanʼatda va ilm-fanda iqtidor va isteʼdodlarini...
KunTun
KunTun