Mustaqillik, hurlik haqida har kimning o‘z fikri bor. Mustaqil davlatda hurfikrlik, erkinlik hukm suradi. Yoshi ulug‘larining qo‘llari duoga ochilsa, yoshlari bunyodkorlikka oshno bo‘ladi. Bunday davlatning bolalari baxtli, kulgusi esa dunyoni tutadi. Albatta, tinchligimizga, hurligimizga ko‘z tegmasin. Ayni shunday xalqimiz doim shukronalik hissi ila yashaydi. Urf-odat va qardiyatlarini, an’analarini qadrlaydi. Kechagi kunini unutmagan holga ertangi kuniga umid va ishonch ila odimlaydi. Sportda, ilm-u fanda, ijodda erishgan va erishilayotgan yutuqlarimiz esa ko‘ksimizni osmon qadar g‘urur va iftixor tuyishimizga xizmat qilayotir.
Ha, jonajon O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishganiga 33 yil bo‘ldi. Bu muddat ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketganga o‘xshar. Ammo bu yillar barcha sohalarda bosqichma-bosqich o‘sish, bosqichma-bosqich rivojlanish davri bo‘ldi. Ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shon va sharafga to‘la bir yo‘ldan odimlab kelganimiz namoyon bo‘ladi-yu, ana shu shasht bilan oldinga intilamiz. Mustaqilligimizning 33 yilligi shodiyonalari arafasida Surxondaryo viloyatida ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari, ta’lim dargohlari qurilib
foydalanishga topshirildi. Bayram tantanalari esa voha ahlining kayfiyatini ko‘tarib, qalbiga o‘zgacha shukuh uyg‘otayotir. Ayniqsa, Termiz shahridagi San’at saroyi amfiteatrida ishlab chiqarish ilg‘orlari, fermer va tadbirkorlar, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari hamda voha mehmonlari jam bo‘lib, viloyatning asosiy bayram shodiyonalariga bag‘ishlangan konsert dasturini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdilar.
Tantanali tadbirni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov tabrik so‘zi bilan ochib berdi va mustaqillik yillarida yurtimizda erishilgan yutuqlar, natijalar bilan birga Surxondaryo viloyati hayotida ijtimoiy-iqtisodiy hayotida sodir bo‘lgan voqealar haqida to‘xtaldi. Shundan so‘ng, vohamiz ahlini mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligi bilan samimiy qutladi.
Katta sahnaga sho‘x-shodon bolajonlarning kirib kelishi, ular ijrosida qo‘shiqlar inson qalbini beg‘ubor bolalikka bir lahza bo‘lsa-da qaytargandek bo‘ldi. Turli xalqlarning milliy qo‘shiqlari, dilrabo navolari esa barchani raqsga chorladi. Shoir Shodmonqul Salom o‘qigan she’r har birimizni vatanparvarlikka chorlagan, tomirlarimizdagi qonimizgacha jo‘sh urishiga xizmat qilgan bo‘lsa, harbiy chiqishlar, askar yigitlarning
bellashuvlarini kuzatish-da maroqli kechdi. Tan olish kerak, bayramga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgan va tomoshabinning diqqat-u e’tiborini sahnaga mixlab qo‘ya olgan. Mahalliy ijodkorlarimiz bilan birgan poytaxti azimdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlarning birma-bir chiqishlari voha ahli uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi. Konsert dasturid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hosila Raximova, Sayyora Qoziyeva hamda estrada yulduzlari Botir Qodirov, Janob Rasul va “Bojalar” guruhi o‘z chiqishlari bilan ishtirok etgan, ular ijrosidagi sho‘x-shodon navolar barchani raqsga chorlagan bo‘lsa, bayram dasturi so‘ngida sahnaga O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovaning ko‘rinish berishi tomoshabinlarni jonlantirib yubordi.
Asosiysi, davlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy mehmonlar, vohamiz faollari va jamoatchiligi ishtirokida bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Sayyora ALLAYEVA,
Tohir ALIQULOV
(surat)