Uchinchi yoki to‘rtinchi sinfda o‘qirdim. Dadam menga o‘sha payti juda urf bo‘lgan velosepid olib berdilar. Hali haydashni bilmasam-da, azbaroyi quvonganimdan oyoqlarim velosiped zanjirlariga o‘ralashib qonab ketsa ham tinmas edim. Charchoqdan dong qotib uxlab qolsam ham yana azonlab velikka chopardim. Xullas, quvonchimning adog‘i yo‘q edi. Ammo bu shodlik uzoqqa cho‘zilmadi.
Kunlarning birida hovliga chiqsam, velosiped yo‘q. Hammani oyoqqa turg‘izdim. Foydasi yo‘q — velosepid o‘g‘irlangan edi. Kimdan gumon qilishni bilmaymiz. Men esa shunday qadrdon ovunchog‘imga to‘yib ulgurmay, uni yo‘qotib qo‘yganimga judayam achindim. Shu bois boshqasini olib bering, deb dadamga tixirlik qila boshladim. Lekin dadam ertaga, indinga deb “toychoq” olib kelishni orqaga suraverdilar. Bir kuni bu masala oila davrasida “kun tartibi”ga qo‘yildi.
— O‘sha velosiped o‘g‘irlangani yaxshi bo‘ldi, — dedilar dadam hammamizni hayron qoldirib. — O‘ylab ko‘rsam, guzarda faqat senda bor ekan. Minib ko‘chaga chiqib ketganingda ortingdan tengdoshlaring havas bilan qarab qolishadi. Aniqki, ular ham ota-onalariga borib xarxasha qilishadi. Arzon bo‘lsa, qo‘shnilar ham bolalariga olib berishardi. Lekin ko‘p bolali bo‘lgani uchun bitta vilosepidning puli ayrim oilalarga og‘irlik qiladi. Ko‘cha-kuyda qo‘shnilar bilan ko‘rishishdan xijolat bo‘lib yurgan edim, yaxshi bo‘ldi yo‘qolgani. Kim o‘g‘irlagan bo‘lsayam otasiga rahmat.
Ana bo‘lmasa!? Men dadamdan umid qilib o‘tirsamu, u kishi muttaham bir o‘g‘riga rahmat, deb o‘tiribdilar. Xafa bo‘lib ketdim.
Vaqt — hakam, deydilar. Oradan olti-yetti oy o‘tib, hammasi unut bo‘lib ketdi. Ammo qo‘shnimiznikida to‘y bo‘ldi-yu, o‘g‘ri kim ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bir qishloqdoshimizning o‘g‘li to‘y ayni qizigan paytda hammani hayron qoldirib: “Eshon bobo, meni kechiring, velosipedni men o‘g‘irlagan edim, o‘shandan beri butun badanimdan yara-chaqa arimay qoldi”, deb dadamning yonlariga keldi.
Juda xunuk manzara yuzaga keldi. Hamma dadamga qarab turibdi. Dadam to‘yniyam, o‘g‘riniyam ko‘nglini buzgilari kelmadi, shekilli:
— O‘sha velosipedning yo‘qolganiga mingdan ming roziman. Biror kuningga yaragan bo‘lsa, yanada yaxshi. Hecham og‘ringanim yo‘q. Bola-chaqang bilan huzur qilib minaver, dedilar. Bu gapdan so‘ng hamma qarsak chalib yubordi. Boyagina hamma joyim yara, deb qilmishidan pushaymon bo‘lib, bosh eggan yigit esa endi umuman bunaqa ish qilmayman, deb el-yurtga so‘z berdi.
Yaqinda qishloqqa bordim. Bolalikda velosepidimni o‘g‘irlagan odam dadamni eslay turib, ana shu voqeani esimga soldi va buni, albatta, yozing, deb menga tayinladi.
O‘g‘rining aytganini bajarib to‘g‘ri ish qildim, shekilli…
M.Jonixonov