Kashtachilik – milliy qadriyatlarimiz jilosi

Date:

Men kashtachilik haqida nafaqat so‘z ochsam, balki tasavvurimga keltirsam ham, momom aytgan so‘zlar xotiramda jonlanadi. Momo aytar edi: “Bolam, kashtachilik ham ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy qadriyatlarimizdan biri, bu nafaqat bezak, balki qiz bolaning ota uyidagi xotiralari hamdir. Chunki kashta qalb qo‘ri bilan tikiladi”. Momom aytganidek, haqiqatan ham kashtaga tiklasam bolaligim, otam uyida o‘tgan kunlarim xotiramda jonlanadi. Kechagiday yodimda: biz Sanam, Oyjamol, Gulshan to‘rtovimiz dugona edik, mening so‘zana kashtamni tikayotganda birga edik. Shunda Sanam: “Dugonalar, kelinglar, shu so‘zananing to‘rt burchagiga har birimiz o‘z qo‘llarimiz bilan ismimizni yozib tikaylik, esdalik bo‘lib qolsin”, deb qoldi. Bu fikr hammamizga ma’qul tushdi. Hammamiz ismlarimizni yozdik, kashtani tikib bitkazdik. Buni qarangki, Sanam tez orada to‘yi bo‘lib, uzoq Qashqadaryoga kelin bo‘lib ketdi. Oradan yillar o‘tdi, tez-tez ko‘risha olmaymiz, dugonalarimni sog‘inaman, shunday paytda so‘zana kashtamni qo‘limga olaman, shunda kechagiday birga o‘tirganlarimiz xotiramda jonlanadi, men kashtamning to‘rt burchagiga qarab dugonalarim ismini birma-bir o‘qib, uzoq termulib, sog‘inchimning xumoridan chiqib olaman. Demak, momomning “Kashta — faqat bezak emas”, degan gaplari bejiz emas ekan-da. To‘g‘ri, hozir uylarni bezashning zamonaviy usullari ko‘payib bormoqda. Deyarli barcha xonadonlarda kashtalar bo‘g‘jomalarga tugilib, esdalik sifatida olib qo‘yilgan. Lekin kashtachilikni ham takomillashtirish mumkin-ku? Bugungi kunda kashtachilikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Hozirgi kunda men Bandixon tumanidagi 17-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida amaliy san’at bo‘limi kashtachilik sinfida yosh avlodga momomdan, onamdan o‘rgangan kashtachilik sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdaman. Milliy qadriyatimiz jilosi bo‘lgan kashtachilik avloddan-avlodga o‘tishida bor bilimim bilan xizmat qilmoqdaman. Kashta — chevardan ilhom, ijod talab qiluvchi san’at turi. Avval matoga tasvir tushiriladi: tasvir ramziy, ma’noli bo‘lishi shart. Keyin rang tanlanadi. Qolgani chevarning mahoratiga bog‘liq. Ishonchim komil: yaqin yillarda kashtalar yana uylarning to‘ridan joy oladigan bo‘ladi. Negaki, xalqning o‘zligi sari kundan kun baqamtiroq yaqinlashayotganini ko‘rib turibmiz. Ehh, bu kunlarni momojonim ko‘rganida edi…

Oygul BARAQOVA,
Bandixon tumanidagi 17-sonli BMSM o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TARBIYADA ALLOMALAR MEROSI MUHIM

Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni ma’naviy va axloqiy tarbiyalash jamiyatning...

Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid soluvchi illat

Ma’lumki, joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev...

Sud tizimini raqamlashtirish: “Raqamli sud” konsepsiyasi

2025-yilda “Raqamli sud” konsepsiyasi joriy etildi. Ushbu konsepsiya sud...

Madaniy meros — millat yuragining ovozi

Madaniy merosni asrash — bu jamiyatning madaniy, tarixiy va...
KunTun
KunTun