Rossiyaga ketishimni eshitgan onam qarshilik qila boshladilar. Bilib yuribman, nima qilsalar ham, ishlamasam ham yonlarida bo‘lishim kerak. Dadam o‘ta qattiqqo‘l odam. “Ishlasin, taltaytirib yubording. Bu yerda biri ikki bo‘lmaydi. Chetga chiqib pul topib kelsin, ana hammani bolasi chet elda!”
Onam otamga gap qaytarmaydi, ammo ichidan eziladi. Aslida, o‘zimning ham begona, sovuq yurtlarga borishga ko‘zim uchib turgani yo‘q. Ammo dadamning har kungi tergashlaridan bezib ketdim. O‘qishga kirolmagach, mashina tuzatadigan ustaga shogird tushdim. Hunarlik bo‘ldim. Qani endi asbob-uskunalarim bo‘lsa-yu o‘zim ustaxona ochsam, ammo unga pul kerak…
Hujjatlarimni to‘g‘irlab yurgan kunim onam bir gap aytib qoldilar.
—O‘g‘lim, bugun sovchilikka boraman. Dovdirab qoldim. Hayajonlanib davom etdilar
—Dugonam Fazilatni qizini ko‘rgansan. Bo‘y-basti kelishgan, oppoq paxtadek qiz.
—Dadam-chi, oldilaridan o‘tdingizmi?
—Shuning uchun dadang ixlos qilgan oilani qizini topdim-da. Dadangni o‘zim ko‘ndiraman.Uyda ortiqcha pulimiz yo‘qligini bilardim. Xayolimdan o‘tganini darrov sezdilar.
—Pulni o‘ylama! To‘y qilganga Allohim o‘zi yetkazadi. Keyin ko‘ngillari buzildimi, ko‘zlari namlandi, o‘zlarini biroz to‘xtatib yana avvalgidek ko‘tarinkilik, orzumandlik bilan davom etdilar.
—Ana Karima xolang yuz ming bilan to‘y boshlaganman, qolganini xudoyim o‘zi yetkazgan dechpdi.
Man Allohga tavakkal qildim, bolam, – dedilar.
Men nima deyishimni bilmasdim, qishlog‘imiz yigitlari bilan kelishib qo‘yganmiz. Arzonroq bo‘lishi uchun.Rossiyaga Qozog‘iston orqali ketmoqchi edik.
Xullas, o‘sha kuni onam bechora katta xolamning ko‘ylagini, kichik xolamning oyoq kiyimini kiyib, onalaridan qolgan bisotlari— bilakuzugu, og‘irligidan bo‘ynilarida osilib qoladigan tilla zanjirlarini taqib sovchilikka ketdilar. Negadir sal xomushroq qaytib keldilar.
Dadamning
—Aytim senga, bu bekorchiga hech kim qiz bermaydi, deb, yana baland dorga osilganingga o‘laymi? Bo‘ldi, yurt qatori ishlab kelsin! Onam titrab turgan pastki labini tishlab, yerga qaragancha indamay o‘tirar edilar. Ertasi kuni tong sahardan qayoqqadir ketdilar. Tushga yaqinlashganda qo‘llarida bir dasta pul bilan qaytib keldilar.
—Tur bolam, o‘zingga ustaxona ochib beraman. Bozorga boramiz, nima kerak bo‘lsa olib beraman. Mustaqil ish boshlaysan, tillalarimni hammasini sotdim. Turaqol! — dedilar. Onam yana o‘zlarining ishchan holatlariga qaytgan edilar.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha sovchilikka borgan joylari ish joyimni so‘ragan ekan. Men esa otam aytgandek bir betayinman!
O‘sha pul barakali bo‘ldi. Kerakli narsalarni xarid qilib uydan mashina tuzatadigan ustaxona ochdim. Ustozim ishi og‘irroq, yoki egasi injiqroq mashinalarni menga jo‘nata boshladi. Oyim esa har safar hali u xolamning, hali bu xolamning ko‘ylagini kiyib sovchilikka qatnar edilar…
Taqdir ekan, birinchi ochgan eshiklariga qaytib borib, rozilik olib keldilar. O‘sha kuni kichik xolam bilan sovchilikka borgan onam —Gulbahor xolang boshqacha-da, yo‘ldan ikki kilo meva bilan oltita patir olib berdi, birato‘lasi non ushatib qaytdik,— dedilar.
To‘y yaqinlashgan sari dadamning ham kayfiyati ko‘tarilib, oyimga ko‘maklasha boshladilar. Qarindosh-urug‘lar qarashib, bir chiroyli, fayzli to‘y bo‘ldi… Men chet elga ketmadim. Sababi, endi farzand kutayotgan rafiqam, eshigimiz tagida navbat kutib turadigan mashinalarni ta’mirlashdek sevimli ishim bor edi…
Hikoyam cho‘zilib ketdi-a? Endi esa asosiy gapga o‘taman. Meni onam zir yugurib, chora topib olib qolganidan xabardorsiz. Sheriklarim ketgan avtobus Qozog‘iston cho‘llarida halokatga uchrab yonib ketdi…
Sovchilikka kiyib borish uchun libosi bo‘lmasa-da, qalbida Yaratganga bo‘lgan buyuk ishonchi bo‘lgan jon fido onalar farzandlarning chin baxti, qaysidir ma’noda qo‘riqlovchi farishtasi hamdir…
Feruz