Ehson

Date:

Bozorga borayotgan edim. Odamlar gavjum o‘tadigan ko‘cha boshida yo‘lka chetidagi panjaraga bir unniqib ketgan qalin jimpir ilib qo‘yilibdi. Etagiga bir qog‘oz qistirilgan, unga yirik-yirik harflar bilan qo‘lda nimalardir yozilgan edi. O‘tgan-ketgan bir oz to‘xtab, o‘qib, so‘ng yo‘lida davom etardi.
Diqqatimni chekdi. To‘xtab, o‘qiy boshladim:
“Men muhtojman. Nimagadir keyingi paytlar kimsa menga qaramay qo‘ydi. Boshqalar mendan ham muhtoj bo‘lib qolgandir deb o‘yladim. Bu qish kunlari kimdir sovuqdan dildirab yurgan bo‘lsa, olsin, kiysin, sovuqdan qo‘rinsin deb borim-yo‘g‘im bitta jimpirimni ildim. Olganga xursand bo‘laman, Olloh yordamchisi bo‘lsin!” deb yozilgan edi qog‘ozda.
Ichimda birnima g‘imirladi… So‘ng ketdim.
Yumushlarimni bitirib shomga yaqin yana shu yo‘ldan o‘tdim. Boyagi jimpir ham, yozuv ham xayolimdan ko‘tarilgan ekan, odamlarning to‘planib turgani esimga tushirdi. Uzun panjaraning uch-to‘rt metr qismiga yozgiyu qishki turli-tuman kiyim-ko‘ylaklar, kastim-shimlar, jimpirlar, paltolar, qalpoqlar… ilib tashlangan, bari toza, qimmatbaho ekani ko‘rinib turar edi. Panjaraga taqab qo‘yilgan katta qog‘oz quti oyoq kiyimlariyu boshqa yana nimalardir bilan liq to‘la.
To‘planganlarning ko‘zi quti qopqog‘iga yopishtirilgan katta qog‘ozdagi yozuvlarda. O‘qir, muhokama etar edi.
Qiziqib, men ham ko‘z yugurtirdim:
“Men boyman. Kiyimlarim ham ko‘p. Qishda sovqotmayman, yozda yayrab yashayman. Ammo, xatingni o‘qib (uni xuddi menga yozgandaysan), o‘zimni yaxshilikka sendan ko‘ra muhtojroq his etdim. Sovuqdan junjikdim go‘yo. Sen qoldirgan jimpirni olib kiygan edim, tanamga iliqlik yugurdi. Umrimda bunaqa iliqlikni tuymaganman. Endi bu jimpirni har qishda kiyaman! O‘rniga uydagi bor kiyimimni olib kelib ildim. Bular sening va sen kabi yaxshi insonlarning haqqi. Adashib, menda to‘planib qolibdi. Haqqingni halol et, do‘stim!”
Bozordan kiyim-kechak olib qaytayotgan edim. Ichimda birnima g‘imirladi. Og‘ir yelim xaltani u qo‘limdan bu qo‘limga olib, yo‘limda ketaverdim…

Nurulloh Muhammad Raufxon

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Jadidlar – yangi hayot kuychilari

Boysun tumanidagi 57-umumta’lim maktabida O‘zbekiston “tiklanish demokratik partiyasi Surxondaryo...

Hunarli kishi xor bo‘lmas

Bugungi kunda “ishsizman” deyishning o‘zi uyat. Bugun bor imkoniyatlar,...

Oromgohlar qabulga shay

Sanoqli kunlardan so‘ng, so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari yangraydi-yu, o‘quvchi-yoshlar ta’tilga...

Endi xizmatlar uchun ham ipoteka kreditlari ajratiladi!

"Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoniga...
KunTun
KunTun