Shaharda jinoyatchilik oshdi…mi?

Date:

Xabaringiz bor, mahallarda jinoyatchilik bilan bog‘liq holatlar sodir etilishiga qarab, “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifadagi hududlarga ajratilgan. Termiz shahrida ham 37 ta mahallaning atigi 5 tasi “yashil”, 21 ta mahalla “sariq”, shuningdek, 11 ta mahalla “qizil” hududga tushgan. Eng achinarlisi va kishini tashvishga soladigani esa “Tuproqqo‘rg‘on”, “Manguzar”, “Alpomish” hamda “Kattabog‘” mahallalari mutasaddilarining sa’y-harakatiga qaramay 3 yildan buyon “qizil” hududligicha qolib, ko‘ngilga g‘ul-g‘ula solib, og‘riqli nuqataga aylangan.
Endi haqli savol tug‘iladi. Yillar mobaynida hududdan “qizil” tamg‘asini olib tashlay olmayotgan, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni jilovlashda bo‘sh kelayotgan mahalla “beshligi” egallab turgan lavozimiga loyiqmi?
Bu haqda Termiz shahar hokimligida shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ochiq-oydin aytildi. Unda shahar hokimi O‘ktam To‘rayev, viloyat va shahar prokuraturasi mas’ullari, shahardagi 37 ta mahalla “beshligi” hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Kengash yig‘ilishida Termiz shahar prokurorining o‘rinbosari Sirojiddin Alimov hududda joriy yilning 10 oyi davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato, kamchiliklar bilan bog‘liq vaziyat haqida axborot berdi.
Statistikalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning 10 oyi davomida viloyatda 4083 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, birgina Termiz shahar hududida jami 709 ta jinoyat sodir etilgan. Og‘ir tan jarohati yetkazish 7 ta, odam o‘limi bilan bog‘liq jinoyatlar soni 4 ta, 188 ta firibgarlik jinoyati, shuningdek, nomusga tegish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish, o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlardir. Qasddan badanga shikast yetkazish, qotillik, nomusga tegish kabi jinoyatchilikning xavfli turlari ortganining o‘ziyoq har qanday kishini tashvishga solishi turgan gap.


Eng ayanchlisi, qotilliklarning biri rashk tufayli, yana bir holatda esa savdo rastalarida joy talashib 2 insonning guldek umri erta so‘lishiga sabab bo‘lganidir.
Hech kim qotil yoki jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, aslida. Bundayin huquqbuzarlik va jinoyatlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘lib qolmagani aniq. Nizolar, kelishmovchiliklar kattalashib, bu kabi og‘ir jinoyatga qo‘l urishga zamin bo‘ladi. Illatning ildiz otib ketmasligi, bu kabi holatlar sodir etilishining oldini olish uchun esa mutasaddilar mas’uliyatni yelkaga olib o‘rtaga chiqishi, holatni obdon o‘ranib, muammosi bor fuqarolar bilan jiddiyroq ishlashi kerak edi. Ayniqsa, profilaktika inspektorlari aholi orasiga chuqurroq kirib borishi, mahallada notinch, janjalli oilalar, ishsiz yoinki probatsiya nazoratida turuvchi, huquqbuzarliklarga moyilligi bor fuqarolar bilan muntazam ishlashi, sergak va jonkuyar bo‘lishi lozim edi. Ana shundagina arzimagan ikir-chikirlar yoinki maishiy muammolar sabab ayrim fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmagan shaxslar yoxud xotin-qizlar jinoyatga qo‘l urmagan, aksincha, jinoyatlarning barvaqt oldi olingan bo‘larmidi?
Bir narsa aniqki, odam qurbon bo‘lganidan keyin emas, mudhish vaziyatning boshlang‘ich nuqtasidayoq oldi olinishi muhim. Mazkur yig‘ilishda masalaning bu tomoniga e’tibor qaratildi.

— Ming afsuski, bugun shahar hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari voyaga yetmagan yoshlar, xotin-qizlar orasida ham uchrayotir, ayniqsa, ishsiz, uyushmagan fuqarolar ham jinoyatga qo‘l urish holatlariga duch kelayapmiz, — deydi Termiz shahar prokurorining o‘rinbosari Sirojiddin Alimov. — Biror-bir jinoyat sodir etilib, kimdir jabr chekkanidan keyin emas, barvaqt oldini olish, hududda huquqbuzarliklarning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bugungi kunning dolzarb masalasidir. Qolaversa, tinch hudud har qachon rivojlanadi, qolaversa, hududni rivojlantirishda, ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan investor ham avvalo, tinchlik-osoyishtalik ta’minlangan hududga sarmoya kiritadi, amalga oshirayotgan loyihasi ertaga biror muammo chiqib, barbod bo‘lishini istamasligi aniq.
Vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan, jinoyatni jilovlash, huquqbuzarliklarning oldini olish o‘rniga, hududda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshib ketganligi qattiq tanqid qilinib, qaysi mahallada jinoyatchilik holati oshgan bo‘lsa, mahalla “beshligi” ogohlantirilib, hududlardagi notinch oilalar uyushmagan yoshlar, huquqbuzarliklarga moyilligi bor fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlashda yanada mas’uliyatliroq bo‘lish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida taklif va tavsiyalar berilib, aniq chora-tadbirlar belgilandi.


Voha markazida jinoyatchilik bilan bog‘liq bu kabi vaziyatlar ko‘paygani kishini havotirga solishi tayin. Mutasaddilar esa qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan, hududni batamom huquqbuzarlik va jinoyatchilikdan holi hududga aylantirishda har tomonlama sergak va jonkuyar bo‘lib, kerak bo‘lsa, xonadonma-xonadon yurib, fuqarolar bilan muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning sodir etilmasligida tashabbus ko‘rsatishi shart va zarur. Zero, jinoyatni jilovlash emas, tag tomiri bilan sug‘irib tashlash kerak, nazarimda.

Adolat MO‘MINOVA,
Islom MENGLIYEV,
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun