Suvni bejiz obi hayotga mengzashmaydi. Jamiiyki tiriklik borki, suvsiz yashay olmaydi. To‘g‘ri, yer yuzida suv bisyor, biroq barcha suv zaxiralarini ham iste’molga yaroqli deb bo‘lmaydi. Suvning iste’molga yaroqliligi, sifati, organizmga ortiqcha zarar keltirmasligi jihatidan mutaxassislar tomonidan nazorat olib borilishi natijasida aholiga toza ichimlik suvi yetkazish borasida viloyatimizda ham yirik loyihlar hyotga tatbiq etilayotir. Turli xil lobarotoriya tekshiruvlari, suv siyosati borasidagi ishlarning nazorat va tahlil qilib borilishi esa aholi iste’molidagi suvning sifatliligini ta’minlashda muhim omildir.

Viloyat “Matbuot uyi”da Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan tadbir tashkil etildi. Unda “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonunning ijro etilishi holati muhokama qilinib, Qo‘mita ishchi guruhining Surxondaryo viloyatida aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi, suvning yaroqliligini o‘rganish hamda hududda amalga oshirilayotgan suv siyosati borasida olib borilgan loyihalar tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha sifatli xizmatlar ko‘rsatish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid huquqiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonun bilan sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari hamda iste’molchilarning huquqlari va majburiyatlari belgilab berildi.

Shuningdek “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barcha aholi punktlarini toza ichimlik suvi va oqova xizmatlari bilan kafolatli ta’minlashning moliyaviy mexanizmlarini joriy qilish, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish borasida ustuvor maqsad va vazifalar o‘z aksini topdi.
Tadbir davomida qayd etilganidek, qo‘mita tomonidan Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar mobaynida aholi bilan muloqot qilindi, xonadonlar, ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlarini ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi bilan tanishildi.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida aholining 1,8 mln nafari (62,9 foiz) markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 307 ming nafar (10,8 foiz) aholiga ichimlik suvi maxsus transport vositalari orqali yetkazib beriladi, 743 ming nafar (26,3 foiz) aholi alternativ manbalardan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan viloyatda “Mega” loyiha – To‘palang suv omboridan Termiz shahrigacha 361 km uzunlikdagi magistral suv tarmog‘ini qurish ishlarini amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida viloyatning Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 mln. aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yaxshilanadi. Natijada viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 88 foizga yetkaziladi.

Viloyatda aholining oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi 6,7 foizni tashkil etib, hozirda 168,6 ming nafar aholiga bu turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Xususan, Termiz va Sharg‘un shaharlari hamda Denov tumani markazi oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlari bilan qamrab olingan.
Ichimlik suvining sifati va belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash uchun “Surxondaryo suv ta’minoti” MCHJda tegishli laboratoriyalar mavjud bo‘lmaganligi sababli tuman (shahar) sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limlari bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzish orqali iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati ustidan davlat nazorati o‘rnatilgan.
Joriy yilda ichimlik suvlaridan 16 614 ta na’munalar olingan bo‘lib, 16 494 ta holatda ichimlik suvlari iste’molga yoroqli va 120 ta holatda esa iste’molga yoroqsizligi (suv qattiqligi oshgan) aniqlangan. Tadbir davomida deputatlar tomonidan nazorat-tahlil tadbirida aniqlangan, hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarga e’tibor qaratildi. Ma’lumki, “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida ichimlik suvi va oqova suvlarni tozalash inshootlarining sanitariya-muhofaza zonalarini tashkil etish nazarda tutilgan. Biroq, o‘rganishlarda viloyatning yer osti suv manbalaridan suv oluvchi inshootlarida sanitariya qoidalariga yetralicha rioya etilmaganligi aniqlangan. Jumladan, 288 ta yer osti suv manbalaridan suv oluvchi inshootlardan 21 tasi sanitariya talablariga javob bermaydi hamda 115 tasi sanitariya-muhofaza zonasiga ega emas. shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini rivojlantirishning bosh sxemasi ishlab chiqilishi belgilangan. Bosh sxema loyihalarni to‘g‘ri, shaffof, samarali shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Lekin bugungi kunga qadar bosh sxema ishlab chiqilmagan.
Suv iste’moli madaniyatini shakllantirish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi dasturlarning o‘z muddatida bajarilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, sohada xususiy sektorning ishtiroki va davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, suv obyektlaridan ichimlik suvi ta’minoti ehtiyojlari uchun foydalanishda sanitariya qoidalariga rioya etilishini ta’minlash lozimligini ta’kidladilar.
Yakunda ko‘rilgan masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Adolat MO‘MINOVA,
Islom MENGLIYEV,
(surat)