Qay biri afzal: asfalt yoki sement-beton?…

Date:

Termiz shahridagi markaziy yo‘llar tez-tez qayta ta’mirlashga tushadi. Natijada o‘sha yo‘l berkilib, shahar bo‘ylab aylanib yurishga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘llarda tirbandliklar bilan bir qatorda oltinga teng vaqtimizni ham yo‘qotamiz. Shunday paytda shaharda shundoq ham ta’mirtalab yo‘llar ko‘p bo‘lsa, nega endi aynan shu nuqta tez-tez ta’mirlashga tushadi degan savol miyamizda charx urib, ensa qotiramiz… xo‘sh, avtomobil yo‘llari asfaltlangandan so‘ng, qancha muddatda ta’mirlanishi kerak? Yoki asfaltlash jarayoni nomigagina amalga oshirilyaptimi, degan haqli savollar tug‘iladi.
Surxondaryo viloyatida avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan journalist va OAV xodimlari uchun tashkil etilgan press-turda ayni shu kabi savollarga javob topish mumkin bo‘ldi.
Gap yo‘llar xususida borar ekan, bugungi kunda nafaqat avtomobil yo‘llari, balki ichki yo‘llarimiz ham asfaltlanib, tekis va ravon ko‘rinish kasb etgan. Bu borada soha xodimlarining mehnati va sa’y-harakatlarini e’tirof etish o‘rinlidir.


Press-tur sabab yo‘limiz Termiz shahridan Boysun tumaniga qadar ulandi. Dastlab, 2023-yil yo‘l ishlari dasturiga kiritilgan “4K-601 avtoyo‘li-Termiz temir yo‘l stansiyasi” avtomobil yo‘lining 0-0,8 va 0,8-2,6 kilometr qismini rekonstruksiya qilish obyektida olib borilayotgan yo‘l qurilishi ishlari bilan yaqindan tanishdik. Yo‘llar ravon, qurilish ishlari yo‘lsozlik talablari asosida amalga oshirilganki, yo‘lni toshlash, asfaltlash standartlariga to‘la amal qilinganini mutaxassislar ham qayd etishdi.
Tan olish kerak, yo‘llar mashina tekis va ravon yo‘lda hech bir qiyinchiliksiz harakatlanishi, boshqacha aytganda yeldek uchishi uchun yo‘lsozlarning tinimsiz mehnati sarf etiladi. Qolaversa, yo‘llar bir necha bosqichli jarayondan so‘nggina ko‘rib turganimiz kabi ko‘rinish kasb etar ekan. Avvaliga yo‘llar chor atrof bilan bir xil tekislikda bo‘lishi uchun tuproq olinadi yoki to‘kilib, tekislanadi. Undan keyin toshlash boshlanadi. Toshlanganda ham toshning kichik va bir xil hajmda bo‘lishi asfaltning sifatli va uzoq yillar xizmat qilishiga kafolat bo‘la oladi. Ozarbayjon bilan hamkorlikda tashkil etilib, faoliyati yo‘lgan qo‘yilgan “Lankaran Yol Tikinti” qo‘shma korxonasining toshni burg‘ilash zavodi yo‘lsozlar ishini yanada sifatli amalga oshishida eng yaqin ko‘makchi. Tadbir ishtirokchilari zavoddagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishib, zavod uskunasi qa’riga g‘arq bo‘layotgan tosh uyumlarining maydalanib, marjondek tizilib tushgungacha bo‘lgan holatlarning guvohi bo‘ldilar.


Yurtimizda asfalt bilan bir qatorda sement-beton yo‘llariga ham ko‘zimiz tushadi. Bu yo‘llar iqtisodiy va ekologik jihatdan tahlil qilinganda sement-beton yo‘llarning sifati va og‘ir yukka bardoshliligi bilan ustunlik qilgan. Albatta, jahon tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Xitoyda sement-beton tez yurar yo‘llar qurilishi sezilarli oshgan bo‘lsa, Yaponiyada ham mustahkamligi va foydalanish muddatini hisobga olganda sement-beton yo‘llar quriladi.
Tuproq va qo‘shimcha qatlamlarni sement bilan mustahkamlash, beton qoplamani yotqizish yoki yo‘llarni rekonstruksiya qilish paytida asfaltning asosini sement bilan mustahkamlash yo‘llarni yanada mustahkam va iqtisodiy jihatdan foydali qiladi. Qolaversa, qurilish vaqti qisqaradi, yo‘lning o‘zi kapital ta’mirsiz bir necha o‘n yillar xizmat qiladi. Beton yo‘llar yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. Bu asos va pastki qatlamlarga yuklamaning bir xilligini va eskirishga chidamlilik koeffitsiyentini yetarli darajada ta’minlaydi. Ular barqarorlik xususiyatiga ega, shu jumladan, yuqori va past harorat ta’siriga chidamli.

O‘zbekistonda yo‘l qurilishida hamon asosan asfalt-beton qoplamadan foydalanilsa-da, bosqichma-bosqich, sement-beton qoplamalardan ham foydalanish boshlangan. Bunda sement-beton qoplamalarning uzoq muddat xizmat qilishi sement-beton qorishmasining sifatiga bog‘liq. Press-tur davomida ana shunday qoplamalarni tekshiruvchi labaratoriyada bo‘ldik. U yerda qorishma namunalari tekshiriladi va sifat ko‘rsatkichlari aniqlanadi va yo‘llarni sement-beton bilan qoplashda eng sifatli qorishmalardan foydalaniladi.
Surxondaryo viloyatida jami 16 170,5 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 2 843 kilometrni, ichki xo‘jalik yo‘llari, shaharlar va qishloq aholi punktlari ko‘chalari – 13 327,5 kilometrni tashkil etadi. Umumfoydalanuvdagi 2843 kilometr avtomobil yo‘llarning 37,4 kilometr qismi sementbeton qoplamali, 2 946 kilometr qismi asfaltbeton qoplamali, 2 586,2 kilometr qismi qora qoplamali, 6 291,7 kilometr qismi shag‘al yo‘llar hamda 4 309,2 kilometr qismi tuproq yo‘llar hisoblanadi.


Surxondaryo viloyatida avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda 769,6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida 653,3 milliard so‘mlik rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar, 584,3 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash montaj ishlari (684,9 km) bajarilgan. Yil yakunigacha yo‘l sohasida 69,0 milliard so‘mlik ishlar, jumladan 84,7 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Tashkil etilgan press-tur davomida har bir ishtirokchi qimmatli ma’lumotlarni bilib olish bilan birga yo‘lsozlik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, asfaltlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Sayyora NORMURODOVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun