Til insonlarning o‘zaro aloqa vositasi bo‘lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar avvalo, har bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan, u boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Tilimiz dunyodagi eng qadimiy va boy tildir. Uning beqiyos imkoniyatlari qadimgi toshbitiklarda, xalqimizning maqol va hikmatli so‘zlarida, qo‘shig‘u dostonlarida, mumtoz shoirlarimiz ijod namunalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ona tiliga hurmat, uni sevish – vatanparvarlik belgisi, ajdodlarimiz ruhiga sadoqat ramzidir. O‘zbek tili dunyoning eng rivojlangan tillaridan biri ekanligi allaqachon isbotlangan. U mumtoz adabiy an’anaga, keng tarmoqli leksikaga va boy ifoda vositalariga ega.
Xalqimiz, ona tilimizga befarq bo‘lmagan o‘zbek farzandi borki, bugun chuqur iftixor va ehtirom bilan buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyni esga oladi. O‘zbek tili va adabiyotining ravnaqi uchun hech kim Alisher Navoiychalik xizmat qilmagan. Alisher Navoiy go‘zal tilimiz xazinasidagi betakror dur-u gavharlarning latofatini kashf etib, asarlarida shunday mohirlik bilan qo‘lladilarki, uning dovrug‘i butun Sharqqa yoyildi. She’riyat sultoni aytganlaridek:
Olibmen taxti farmonimga oson,
Cherik tortmay Xitodin to Xuroson.
So‘zdirki, nishon berur o‘likka jondin,
So‘zdirki, berur jonga xabar jonondin.
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilginki, guhari sharifroq yo‘q ondin.
Alisher Navoiy ona tili xazinalarini ochib ko‘rgach, uni shunday ta’riflagan edi: “Tilimiz 18 000 olamdan bayroq bo‘lgan shunday bir xazinaki, har bir dur-u gavhari, ya’ni so‘zlar osmon yoritgichlaridan ham porloq, shunday bir gul-u chaman lolalaridan go‘zalroqdir”.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida ham “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb yozib qo‘yilgan. Demak, bu kunni cheksiz quvonch va iftixor bilan bayram qilishga haqlimiz.
Mana 34 yildirki, 21-oktabr kunini o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o‘tkaziladi. «Ona tilim – jonu dilim», «Tilga e’tibor – elga e’tibor», «Til – millat ko‘zgusi» shular jumlasidandir.
Hozirda sakkiz milliondan ortiq o‘zbek aholisi bo‘lgan qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasida ham o‘zbek tiliga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda afg‘on o‘zbeklari yaqin tarixda kuzatilmagan huquqlarga ega bo‘la oldilar. O‘zbek tili shimolda rasmiy maqomini oldi, maktablarda o‘zbek tili va adabiyoti darslari o‘qitilmoqda, o‘zbekchada matbuot va teleradio eshitirishlari boshlandi, kitoblar chiqmoqda, shaharlarda Bobur, Amir Temur va Alisher Navoiy nomida bog‘lar, ko‘chalar hamda dahalar paydo bo‘ldi. Ammo, bu o‘zgarishlar aslida boshlang‘ich qadamlardir. Bu zaminda Alisher Navoiy kindiq qoni tomgan, Husayn Boyqaro hukm surgan o‘tgan asrda Afg‘onistonda o‘zbek tiliga e’tibor bir muncha susaygan bo‘lsa-da, hozirda o‘zbek tilining ravnaqiga hissa qo‘shadigan yuzlab yoshlar yetishib chiqmoqda.
Buning dalili sifatida yurtimizda ochilgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr diplomiga ega bo‘lgan afg‘onistonlik 198 nafar o‘zbek, tojik, xazora, turkman yoshlarini misol qilish mumkin. Bugungi kunda bu yosh pedagoglarning 5 nafari Termiz davlat universitetida magistratura yo‘nalishini tamomlagan bo‘lsa, bu yil 17 nafar talaba qiz, 6 nafar o‘g‘il bola Xalqaro Nordik universitetining magistratura bosqichiga qabul qilindi. Qolganlari esa Afg‘oniston Islom Respublikasining 9 ta viloyatidagi ta’lim muassasalarida faoliyatlarini boshladilar.
Yuzlab afg‘onistonlik yoshlarni ilm-ma’rifatga oshno qilayotgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi nafaqat ilm ulashish, balki ikki qo‘shni davlatlarning o‘zaro hamdo‘stligi yo‘lida ham beminnat xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, har bir inson o‘z ona tilini, o‘z millatini sevishi, uni ardoqlashi va uning rivoji yo‘lida qo‘lidan kelganini qilishi kerak. Tilni va millatni sevish, onani sevish bilan teng hisoblanadi. O‘z ona tilini sevish faqatgina tilchi olimlar uchun emas, balki oddiy dehqondan tortib, hammamizning burchimizdir.
S.To‘rayeva,
Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi
o‘zbek tili va adabiyoti katta o‘qituvchisi