Ro‘molcha

Date:

Maktabda darslar tugagan, hammayoq jimjit. Qiz stol ustiga boshini qo‘yib, ko‘zlarini bir nuqtaga qadagancha chuqur o‘yga toldi. “Ko‘rinmas odamga aylanib qolgandekman. Hech kimning men bilan ishi yo‘q. Ertalab nonushta qildimmi, yo‘qmi? Ishim qachon boshlanib, qachon tugaydi? Qayerga boryapman, kimlar bilan ko‘rishyapman?.. Odamzod Yaratganning ijod mahsuli — sanʼati. Sanʼat esa eʼtibor bilan tirik. Nima istayapman o‘zi?! Qaniydi sukunatimni parchalay oladigan shodlik bo‘lsa! Yo Rabbim…” — xona eshigi ochilib birov kirib keldi.
— Haliyam ketmadingizmi? — so‘radi hamkasb yigit o‘z hujjatlarini javonga joylashtirar ekan.— Iftorlikka ham oz qoldi.
— Nazorat daftarlarini tekshirayotgandim, – qiz stoli ustida turgan daftarlarini tartibga keltirgan bo‘ldi go‘yo.
— Ha, shunaqami, yaxshi — yigit qizning yolg‘on gapirayotganini payqab, o‘ziga sezdirmay unga sinchkovlik bilan razm soldi. — Bilasizmi, ustoz o‘quvchilari uchun tuyg‘ulari o‘ta barqaror, ruhi metindek kuchli shaxs bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa har bir yurakning o‘z kemtiklari bor.
Qiz hayron boshini ko‘tarib, yigitga yuzlandi. Ammo, tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘lib, gapirolmay yana ko‘zlarini boshqa tomonga olib qochdi. Yigit qizning stoliga yaqinlashib so‘zida davom etdi:
— Yupatiq hamisha ko‘ngilga malham bo‘lolmaydi. U baʼzan imkonsizligimiz iqroridek tuyilishi mumkin. Oling, — qo‘lidagi narsani qiz tomon uzatdi. — Bundan ortiq sadoqatli sirdoshni topa olmaysiz. U darrov xona eshigini yopib chiqib ketdi. Qiz kiprik qoqmay miyasidagi javobsiz savollariga bardosh berishga urinardi. Shartta o‘rnidan turdi-yu, ketishga oshiqdi. Eshikka yetgunicha hech qayerga qaramadi. Xonadan chiqib ketar ekan, kimgadir ishongisi keldi, yigit aytgan eng yaxshi sirdoshni ko‘rish uchun orqasiga o‘girildi va beixtiyor ko‘zi yoshlandi. Stol ustida turgan ro‘molcha go‘yo qizga o‘z quchog‘ini ochgandek turardi…

Arjumandbegim

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muattar 15 million soʻmlik boʻldi

“Yoshlar ishlari agentligi kubogi” uchun shaxmat musobaqasining respublika bosqichiga...

Futbol akademiyasi qayta rekonstruksiya qilinmoqda

Surxondaryo viloyatining chekka va olis qishloqlaridagi iqtidorli yoshlarni aniqlash,...

Sportchimiz gʻolib…

Qozogʻistonning Temirtov shahrida sportning dzyudo boʻyicha xalqaro turnir boʻlib...

Tarbiya

Maktab roʻparasidagi uy. Ota endi tili chiqqan bolasiga soʻz...
KunTun
KunTun