Sariosiyodagi 94 ta maktabga 325 million so‘m

Date:

Ta’lim sifati va o‘quvchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, maktab infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar bu e’tiborning yaqqol ifodasidir.

Shu maqsadda viloyatdagi barcha tumanlar qatori Sariosiyo tumanidagi umumta’lim maktablarini 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida onlayn tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda hududlardagi ta’lim muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, tumanlarga qurilish materiallari yetkazib berildi.

Jumladan, Sariosiyo tumanidagi 94 ta umumta’lim maktabini yangi o‘quv yiliga sifatli tayyorlash uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 325 million so‘mlik qurilish mahsulotlari ajratildi.

Mazkur qurilish materiallari maktab binolarini joriy ta’mirlash, sinfxonalarni tartibga keltirish, tom va fasad qismlarini yangilash, ichki infratuzilmani yaxshilash kabi ishlarda foydalanilishi rejalashtirilgan.

Bu esa yangi o‘quv yilida minglab o‘quvchilarning yanada qulay, yorug‘ va zamonaviy sharoitlarda tahsil olishiga xizmat qiladi.

Bugungi globallashuv davrida ta’lim sifati ko‘p jihatdan yaratilgan shart-sharoitlarga ham bog‘liq. Qulay va zamonaviy muhitda bilim olayotgan o‘quvchining darslarga qiziqishi, intilishi va natijalari ham yuqori bo‘ladi. Shu bois maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan bunday amaliy tashabbuslar hudud ta’lim tizimi rivojida muhim o‘rin tutadi.

E’tiborlisi, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari aynan joriy o‘quv yili yakunlanayotgan pallada boshlanayotgani tizimdagi uzluksizlik va mas’uliyatning muhim ko‘rinishidir. Bu esa vaqtni boy bermasdan, maktablarni yangi mavsumga sifatli tayyorlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda o‘quvchilarni munosib sharoitda qarshi olish imkonini beradi.

Ta’limga qaratilayotgan e’tibor — bu kelajakka kiritilgan investitsiyadir. Sariosiyo tumanida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar ham yosh avlodning bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh kadrlar bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Shuningdek, ta’lim tashkilotlarining asosiy vazifasi sifatli ta’lim, malakali ko‘nikmalar hosil qilish, pedagogik salohiyati yuqori kadrlardan saboq olishdan iboratdir. Shu bois ham ta’mirlash ishlariga ustozlar jalb etilmayotir, ota-onalardan mablag‘ yig‘ish esa qat’iyan man etilgan.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bayram tantanasidan unutilmas lahzalargacha…

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sherobod tumanida bayram...

“Milliy brend”ning yangi manzili — Uzun

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida hududlarda yangi ishlab...

Istiqlol — muqaddas qadriyat

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo...

Yoshlar yorug‘ va shinam sinfxonalarda o‘qiydi

Bandixon tumanida yosh avlod uchun zamonaviy ta’lim sharoitlarini yaratishga...
KunTun
KunTun