Buvimni mahalladagi yosh-u qari Bibifotima deb chaqirardi. Onasidan erta ayrilib qolganligi uchun, “o‘gay onasi” o‘n uch yoshidayoq turmushga berib yuborgan ekan. Hali oq-qorani tanimay turib, Fotima buvimiz ro‘zg‘orli bo‘lgan ekanlar. Kelin bo‘lganlaridan keyin ham bolalik qilib, qizlar bilan o‘ynab, ko‘chadan beri kelmas ekan.
Onam tandirga non yopganida buvim nabiralariga kulcha qildirmasdi. Sababini so‘rasak, aytmas, xo’rsinib qo‘yardi. Bir kuni sababini aytib bering deya holi-joniga qo‘ymadik. Buvim noiloj so‘zlab berdilar:
“Endigina sakkiz yoshga to‘lgandim, o‘sha davrda buzg‘unchilik avj pallasiga ko‘tarilgan bir davr edi. Qishloqqa goh bosmachi oralasa, goh qizil askarlar kelib talar, odamlar unisidan ham, bunisidan ham qo‘rqib qolgan edi. Qizil askar kiyimidagi o‘g‘rilar ham, bosmachiman deb kelgan o‘g‘ri-mutahammlar ham kirgan uyni talon-toroj qilib, qiz-juvonlarni olib qochib ketishar, odamlar har tarafga qochar, qocholmaganlar tomlarida tong ottirib yurar edi.
Otam rahmatli savdogar bo‘lganligi uchun aksariyat umri uydan uzoqda o‘tardi. Mendan tashqari, ikki ukam bor edi, ular qo‘lida doim kulcha ko’tarib yurishardi. Onam rahmatli non yopganda har gal kulcha qilib qo‘yardi. Ukalarim kulcha yeyishmasa, xarxasha qilib yig‘lashar va hech gapga ko‘nishmasdi.
O‘sha mashʼum kuni ham otam safarda, biz onam va ikki ukam bilan yolg‘iz edik. Tun yarmidan oshgandi, ko‘chada qiychuv to‘palon bo‘lib, butun mahallani sarosimaga soldi. Hamma “bosqinchilar!” deya qichqira boshladi. Onam meni uyimiz tomiga chiqarib yubordi-da, o‘zi ikki ukamni olib, hovlimiz etagidagi o‘raga yashirindilar. Kutilgandek bizni uyga ham “ov” qilgani kirishdi. Uyimizni ag‘dar-to‘ntar qilib, kerakli buyumlarni olishdi. “Uyda nahotki, hech kim yo‘q bo’lsa?” deyishib qutirgan itdek har tomon chopa boshlashdi. Men qo‘rqqanimcha tomda churq etmay o‘tirardim. Butun tanamni titroq egallagandi. Birdan kichik ukamni “kulcha” deb yig‘lay boshlagani eshitildi, Harchand urinmasin, onam ukamni ovuta olmadi. Ularni payqab qolgan bosqinchilar onamni va ukalarimni olib chiqishdi-da, ko‘z o‘ngimda qiynoqlarga solishdi…”
Hanuzgacha o‘sha kungi fojia ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Shu kulcha bo‘lmaganida ehtimol, men ham yetimlik nonini yemagan bo‘lmasmidim? Shu-shu kulcha desa ko‘nglim buziladi, qulog‘imga onamning zorlanib yig‘lagani-yu, bosqinchilarga yalinib yolvorgani eshitiladi. Ko‘z oldimda begunoh ukalarimning chekkan azoblari gavdalanadi.
Biz buvimning shu hikoyasidan keyin, biror marta onamizga “Kulcha yopib bering!” demaganmiz. Buvim o‘tib ketdi. Bugun o‘zimizning bolalarimiz bor, ammo haligacha biznkida non yopilganda kulcha yopilmaydi.
Ismoiljon Sattarov