Paxta yetishtirishdagi muhim agrotexnik tadbirlardan biri – bu nihollarni yagonalashdir. Bu o‘ta sermehnat va masʼuliyatli tadbirlardan hisoblanadi. G‘o‘za tuplarini maqbul joylashtirish hisobiga o‘simlik jadal rivojlanib, yuqori hosil olish imkoniyatini yaratadi. Yagonalashda, kasallangan, kech unib chiqqan nihollar olib tashlanib, baquvvat va sog‘lom nihollar qoldiriladi. Bu tadbirni amalga oshirish uchun har bir gektar maydonga 5-6 ishchi kuchi talab etiladi.
G‘o‘za nihollarida 1-2 chinbarg paydo bo‘lganda yagonalash tadbirlarini amalga oshirish uchun eng qulay muddat hisoblanadi. Yagonalash tadbiri qisqa muddatda, ya’ni 4-5 kunda tugallanishi lozim. Yagonalash muddatidan kechiktirilganda o‘simlik ildizi zararlanadi, natijada hosildorlik kamayadi. Yagonalashda yulib olingan o‘simlik bilan birga tuproqdan 6-10 kilogramm azot, 1-2 kilogramm fosfor, 4-6 kilogramm kaliy elementi daladan chiqib ketadi (100 ming tup hisobida).
Yagonalash o‘z muddatida o‘tkazilsa, nihollar jadal rivojlanib, hosil elementlari soni oshadi, ertaki muddatda gulga kirib, hosil erta yetiladi.
G‘o‘za tuplari navning o‘ziga xos xususiyatlariga va tuproq sharoitidan kelib chiqib, turli qalinlikda tabaqalashtirilib joylashtirilishi kerak.
G‘o‘zani yagona qilishdan paxta terimigacha bo‘lgan davr ichida noqulay ob-havo sharoiti, zararkunanda va kasalliklarning taʼsirida, qator oralariga ishlov berish va chopiq o‘tkazish, egat olish vaqtida o‘simlikning shikastlanishi hisobiga gektariga 10-15 ming tup va undan ko‘proq ko‘chat yo‘qotiladi. Agrotexnik qoidalar buzilib, tuproq yumshatilganda, chigit tuproqqa chuqur ko‘milganda, egatlar noto‘g‘ri olinganda, o‘simliklarni parvarish qilish darajasi past bo‘lgan yerlarda 20-25 ming tup va undan ko‘proq ko‘chat tabiiy ravishda kamayib ketadi. Chigitlar maqbul muddatlarda ekilib, nihollar 8-10 kun ichida qiyg‘os undirib olingandagina g‘o‘za tuplari yaxshi rivojlanadi. G‘o‘za navlarini morfobiologik xususiyatlari va tuproq sharoitlariga qarab, “Buxoro-102”, “Porloq-1” navlarida unumdor tuproqlarda gektariga 80-90 ming, o‘rtacha unumdor tuproqlarda 95-100 ming va kam unumli tuproqlarda 100-110 ming tup ko‘chat yoki 60 santimetr kenglikda ekilganda tuproq unumdorligiga ko‘ra 60x15x1 va 90 santimetr kenglikda 90x10x1 va qo‘shqator qilib 60x30x5,60x30x6 va 60x30x7 ta har uyaga sog‘lom baquvvat ko‘chatlarni qoldirish kerak.
G‘o‘zaning “Beshqahramon”, “Namangan-77”, “Sulton” navlari unumdor tuproqlarda 85-90 ming, kam unumli tuproqlarda 105-110 ming tup ko‘chat qoldirish lozim.
Shoxlamasdan o‘sadigan “nolʼ” tipidagi ingichka tolali g‘o‘za navlarini, yaʼni Surxon-14, Surxon-16, Surxon-18, Surxon-103 navlari uchun unumdor tuproqlarda 130-140 ming tup, kam unumli qum yerlarda 140-145 ming tup ko‘chat qoldiriladi.
Shuningdek, ingichka tolali SP-1607 navi tuproq turi va unumdorligi qarab 120-130 ming tup, Termiz-202, Termiz-208, ST-1651 g‘o‘za navlarida ham tuproq unumdorligiga qarab 120-140 ming tup ko‘chat qoldirish maqsadga muvofiq. Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda ( elita 1-2 avlod) 101-115 ming tup ko‘chat, o‘rta tolali g‘o‘za navlarida esa 75-80 ming tup ko‘chat qoldirish lozim bo‘ladi.
Turli tuproq iqlim sharoitiga qarab har gektar paxta maydonida o‘rtacha 110-130 ming tup ko‘chat bo‘lishiga erishilganda g‘o‘zalar yaxshi rivojlanadi.
Nihollar paydo bo‘lishini doimo nazorat qilib turish darkor. Bu ish bahorda — salqin havo, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan yillarda va chigit kech ekilgan maydonlarda, ayniqsa, zarurdir. Nihollar unib chiqqandan so‘ng, havo harorati keskin pasayganda va kuchli yog‘ingarchilik sharoitida ko‘chatlar siyraklashib ketishi mumkin.
Nihollarning jadal o‘sishiga taʼsir etadigan omillarning oldi olinishi darkor, aks holda g‘o‘za rivojdan orqada qoladi. Yog‘ingarchilik sababli dalada qatqaloq paydo bo‘lsa, qisqa muddatda qatqaloqni yumshatish tadbirlarini amalga oshirish zarur. Chunki qatqaloq tuproqda havo almashinuvi (ayeratsiya) buziladi, suv parlanishi kuchayadi, tuproq g‘ovakligi pasayadi. Natijada unib chiqayotgan nihollar nobud bo‘ladi, unib chiqqanlari ildiz chirish kasalligiga duchor bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari sho‘rlangan tuproqlarda havo haroratining kuchli isishi natijasida yer osti suvlarining bug‘lanish natijasida tuproq yuzasida turli tuzlar tuplanadi va nihollarni nobud bo‘lishiga olib keladi.
Yagonalash agrotadbirini o‘z muddatida sifatli o‘tkazish yuqori hosil garovidir.
I.Islamov,
Surxondaryo viloyat Agroxizmatlar
markazi direktori o‘rinbosari