Navro‘z — shukronalik va quvonch ulashdi

Date:

Fasllar kelinchagi hisoblanmish bahorning o‘zgacha tarovati, o‘zgacha bir jilvasi “Navro‘z” bayrami bilan yanada ko‘rkamlashadi, yanada chiroy ochadi. Beixtiyor dimoqqa bahor nafasi uriladi. O‘z nomi bilan har yili 21-mart yangi kun yangi bir shukuhni boshlab keladigandek, qalblarda umid, yuraklarda ishonch uyg‘otgani uchun ham yosh-u qari birdek qir-adirlar, bog‘-u dashtlar tomon “Navro‘z” ayyomini ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish va yil bo‘yi bayram tarovati bilan yashashga oshiqadi.

Har yilgidan o‘zgacha bir gasht bilan boshlangan yangilanish va yasharish ayyomi — “Navro‘z” umumxalq bayrami an’anaga aylanib ulgurgan Termiz tumanidagi “Otchopar” maydonida emas, Termiz shahridagi muhtasham “San’at saroyi”da bo‘lib o‘tdi.

Viloyatning asosiy “Navro‘z” sayllari erta tongdan karnay-surnayning ezgu va yangroq ovozi ila dillarga xushnudlik ulashgan holda boshlandi.

“San’at saroyi”ning oldi tomonida viloyatimizning har bir tumanlari uchun alohida maydonlar ajratilgan bo‘lib, shahar va tumanlardan tashrif buyurgan tashkilotchilar, o‘zlariga ajratilgan pavilonlarda o‘ziga xos qo‘rg‘onlar bunyod etganki, ko‘rgan kishining ko‘zi quvnab, misoli bir zumda voha bo‘ylab, uning qadimiy urf-odat, an’ana-yu osori-atiqalarini jonli misolda ko‘rgandek bo‘laveradi. Dastlab “Navro‘z” sayliga tashrif buyurganlarni “San’at saroyi” tomon kiraverishda purviqor tog‘lari, mehmondo‘st odamlari, o‘zining “Alpomish” va “Barchinoyi” bilan ot ustida savlat to‘kkancha Boysunga chorlayotgandek yasatilgan Boysun tumani qo‘rg‘oni qarshi oladi.

Boysun tuman ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi rahbari Sayyora Gaziyevaning aytishicha, Boysun qo‘rg‘oni bu yil boshqacha bir tayyorgarlik bilan bunyod etilgan. Tuman uchun ajratilgan hududda yasatilgan qo‘rg‘on to‘rt bo‘lakka bo‘lingan. Qo‘rg‘onning qoq markazida qadimiy loysuvoq tom qad rostlagan bo‘lsa, uning yon tomonlarini to‘rtta qishloq o‘rab turgandek.

Ming yillik chinori bilan mashhur Sayrob qishlog‘i maketi yasalgan. Chinor kovagida qadimdan kichik maktab va kutubxona bo‘lgan, ayni paytda ham ushbu chinor kovagi 20 dan ortiq o‘quvchini bag‘riga sig‘dirgudek ta’lim maskaniga aylangan. Qo‘rg‘onda ana shu jihatlari ko‘rsatib berilgani tashrif buyuruvchi mehmonlarning diqqatini tortayotgani ham bor gap.

Ikkinchi tomonda esa Machay qishlog‘ining maketi hozirlangan. Ushbu hududdan qadimiy neandertal odamning suyaklari topilgan. Bu Boysunning naqadar qadimiy va navqiron o‘lka ekanligini, qolaversa, Boysunga Yunesko tomonidan 2022-yilda turizm tumani maqomi berilganini dalillab turgandek. Shuning uchun ham bu yilgi “Navro‘z” umumxalq bayram sayllarida tumanning qadimiyligini, ayni shu diqqatga sazovor, tarixiy joylarining maketlari qo‘rg‘onda mujassamligi ko‘plab mehmonlarni jalb qilmoqda.

Boysun qo‘rg‘oniga kelgan tomoshabinlarga manzur bo‘layotgan yana bir jihat Omonxona qishlog‘ini eslatuvchi sharsharaning maketi shu yerning o‘zida bunyod etilganidir. Dardlarga darmon bo‘ladigan shifobaxsh suvlaridan ham olib kelinganki, undan tashrif buyuruvchilarning iste’mol qilishiga imkoniyat yaratilgani ham mehmonlarda boshqacha bir taassurot uyg‘otmoqda.  Qo‘rg‘onning to‘rtinchi burchida Darband qishlog‘i o‘rin olgan va mashhur Uzundara shu yerning o‘zida qad rostlagandek go‘yo.

Mazkur saylda har bir hududning o‘ziga xos xususiyati, qadriyatlari, an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari, sahnalashtirilgan badiiy chiqishlari hamda hunarmandchilik buyumlari, yuzlab milliy taomlari ko‘rgazmalari “Navro‘z” sayliga tashrif buyurgan mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otayotganini odamlarning yuz-ko‘zidagi quvonchdan anglash qiyin emas, albatta.

“San’at saroyi” ayni ayyom kuni qadimiy va navqiron, boy an’analarini o‘zida mujassam etgan vohani bag‘riga olgandek, har tomonda kuy-qo‘shiqlar, milliy o‘yinlar-u sayllar, folklor jamoalarning chiqishlari, mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi, desak mubolag‘a bo‘lmas.   

Maydonning o‘rtasida asosiy bayram tantanalari uchun alohida joy hozirlangan bo‘lib, kuy-qo‘shiq va yallalar, qo‘g‘irchoq teatri jamoasining chiqishlari, folklor- etnografik dastalarning ijodiy ishlari ushbu sahnada namoyish etilmoqda.

Sangardak sharsharasini eslatuvchi o‘ziga xos maket qo‘rg‘onning to‘rini bezab turgan navbatdagi pavilon Sariosiyo tumani mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan. Milliy udumlari, kelin salom-u mehmon kutish kabi qadriyatlarini ko‘z-ko‘z etib turgan milliy libosdagi momolarning yuzidagi quvonch, yoshlarning sho‘x yallalarga raqs tushishlarini ko‘rib, siz ham beixtiyor tebranishga tushishingiz aniq. Milliy urf-odatlarni o‘zida mujassam etgan o‘tovlar ham sizga manzur bo‘lmasdan qolmaydi.

Sariosiyo qo‘rg‘oniga qadimlikni bag‘shida etib turgan narsa ham bir burchakda tashkil etilgan muzey ekaniga hech shubha yo‘q. Unda namoyishga qo‘yilgan qadimiy buyumlar ko‘rgan kishida ajib tassavvur uyg‘otmoqda deb bemalol ayta olamiz.

Mashhur anorlari, tuz koni-yu, ko‘shk-ayvonlari o‘ziga chorlab turgandek yasatilgan yana bir qo‘rg‘on Sherobod tumani bo‘ldi. Har galgidek, “Chechalar” xalq havaskorlik ansambli davraning to‘rida o‘z chiqishlari bilan mehmonlarga manzur bo‘lmoqda.

Sheroboddan qolishmaymiz, bizda ham milliy osori-atiqalar, mo‘jazgina ko‘shklar, milliy udum va an’analar bor, deya mehmonlarga yuzlanayotgan pavilion – bu shubhasiz Oltinsoy tumani mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan qo‘rg‘ondir.        

— “Navro‘z”ga nevaralarim, kelinlarim, jiyanlarim bilan keldik, — deydi — Termiz tumanidan tashrif buyurgan  Saodat aya Eshmurodova. — Bu yil “Navro‘z” bayrami aynan “San’at saroyi”da tashkil etilgani quvonchli bo‘ldi. Kelin-qizlarim har yili “Navro‘z”ga borishardi, men esa ancha masofaga piyoda yurish kerakligi, ustiga ustak, chang-to‘zonli joy bo‘lgani uchun borolmasdim. Denovdan, olis Boysun tomonlardan ham qarindoshlarimiz kelib bayramda miriqib dam olishyapti. Tashkilotchilarga ming rahmat aytaman. Bizga o‘xshagan yoshi ulug‘ insonlar ham bemalol sayllarda qatnashib, dam olib ketishi uchun ayni shu yerda bayram o‘tkazishyapti.

Yo‘qolib borayotgan qadriyatlarimiz, milliy va qadimiy buyumlarimizni asosan muzeyda ko‘rishga odatlangan bo‘lsak-da, har yili “Navro‘z”da urf-odat va an’analarimiz bo‘y ko‘rsatadi. Bu ham yoshlar uchun aslida bir tarbiyaviy bayram. Milliyligimizga hurmat shakllanadi, qadimiy va boy tariximizga yanayam mehri oshadi.

Yangilanish va yasharish ayyomi – “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan viloyatning asosiy bayram sayllarining yana bir e’tiborga molik jihatini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. O‘rnatilgan qo‘rg‘onlar o‘rtasidagi favvora atrofida bir qator tizilib bayramni tomosha qilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan, aravachada o‘tirgan bir guruh ayolarning bayramona yasanib olgani, bahorni eslatuvchi milliy liboslarda o‘tirishgani, ular ham yasharib, yastanib hech kimdan kam emasmiz, deya saylda mardonavor turib, kuy-qo‘shig‘-u, alyorlardan bahra olayotgani kishini sevintiradi.

Yurtimizda ana shunday insonlar ham har qachon, to‘y-xasham-u, milliy bayramlarimizda alohida hurmat va ehtirom bilan qarshi olishini, barcha birdek zavqlanadigan bayramda ular ham faol ishtirok etishi bu shubhasiz vohamizda inson qadri tobora yuksalib borayotganidan dalolat emasmi?

Yangilanish va yasharish ayyomi dillarga ezgulik, mehr-oqibat, rizq-ro‘zq olib kelsin, zamonamiz tinch va mana shunday bayramlarga to‘la bo‘lsin deya duoga qo‘l ochayotgan nuroniylarning ko‘nglida shukronalik, tilida esa shirin kalom, ko‘zlarida esa quvonch.

Qayerga qaramang, yon-atrofda xursand kayfiyatdagi odamlarni uchratasiz, biri biriga so‘z qotayotganiga beixiyor shohid bo‘lasiz ham — “Navro‘z” baribir boshqacha bayram-da”, “milliyligimiz abadiy bo‘lsin”, “qadim qadriyatlarimiz tobora qadr topib, kelgusi avodlarga ham butunligicha yetib borsin…”

“Navro‘z” tantanalaridan qaytayotgan odamlarni kuzata turib shunday xulosa qilish mumkin. Shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlanayotgan odamlarga qo‘shilib ayyomning shukuhi, tarovati, nafasi butun shahar bo‘ylab yoyilayotgandek.

Adolat MO‘MINOVA,

Naimullo MUHIBULLOYEVA

(surat)

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

678 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Denov tumani "Yoshlik" mahallasi Alamjahon qishlog‘i aholisi uchun diametri...

Mashg‘ulotlar boshlandi

O‘zbekistonda qirg‘iz-o‘zbek kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlar 14-oktyabrga...

Kaskad usulida…

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AQShning Mehribonlik korpusi...

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi

Ezgu amallarni o‘zida mujassam etgan “Yashil makon” umummilliy harakati...
KunTun
KunTun