Navro‘z sayli: Humarmandlar ishiga tasanno aytib…

Date:

Navro‘z kecha bilan bugunni bog‘lovchi, xalqning qadriyatlarini ulug‘lovchi ko‘prikdir. Shuning uchun ham Navro‘zni kutamiz. Yangi kunga yetkazganiga shukronalar aytamiz. Har yashil maysa, tiriklik borki, yuz-ko‘zimizga surtib, omonliq-somonliq qilamiz. Navro‘z sayllar bilan, ko‘pkari-yu kurashlar bilan qiziq, maroqli. Navro‘zda momolarimiz-u chechalarimizning mahorati namoyon bo‘ladi. Ular tayyorlagan noz-ne’matlar, tansiq taomlar, ayniqsa, sumalak dasturxonni bezaydi.

Alp o‘g‘lonlar, bilagida kuchi borlar esa mardi-maydon bo‘ladi.

Eng muhimi, egnimizni, usti-boshimizni milliy liboslar, atlas-u adras ko‘ylaklar, do‘ppi-yu qirq kokil qilib o‘rilgan jamalaklar bezaydi. Navro‘zda bari milliy ko‘rinish kasb etgani bilan ajoyib, zavqli. Surxon vohasida ham Navro‘z sayli ana shunday boshlanadi. Elga tinchlik, farovonlik, to‘kinlik olib kelishini niyat qilib, duoga qo‘l ochamiz. Navro‘z sayli sabab Termiz shahridagi San’at saroyi bu kun har qachongidan-da fusunkor ko‘rinish kasb etgan. Barcha saylni shod-u xurramlikda, ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun bir nuqtada jam bo‘lgan. Saylni sayldek o‘tishi uchun esa mutasaddilarning xizmati katta bo‘lgani har bir tuman uchun ajratilgan joyda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

San’at saroyining hovlisiga kirishingiz bilan o‘ng tomonda Boysun tumani, chapda esa Termiz shahrining kayvoni chechalari, go‘zal     qizlari-yu alpqomat o‘g‘lonlari mezbonnavozlikni joyiga qo‘yishadi.

Boysunlik hunarmandlarning qo‘l mehnati marjondek tizilgan ko‘rgazma e’tiborni tortmay qo‘ymaydi. Rango rang iplardan surxoncha zeb berib to‘qilgan naqshinkor milliy hunarmandlik mahsulotlari tomoshasiga tutinasiz. Surxoncha do‘ppilardan taqib ko‘rganingizda boysunlik hunarmand momo Pardaxol Musulmonova ko‘zga yaqinligingizni aytib, mehr qo‘ri ila to‘qigan tumorlaridan olishingizni ham tavsiya eta boshlaydi. Siz esa bir do‘ppi-yu tumor bilan kifoyalanmaysiz. Sababi ko‘rgazmada gilamning turlaridan tortib, jamalaklar, sumka va katmon-u chimildiqqacha taxt. Hayratingiz-u havasingiz oshib, ularni bir-bir tomosha qilganingizda hunarmand ayaning ta’bi xira bo‘lmasligidan xursand bo‘lasiz. Pardaxol momo 71 yoshdan o‘tganini aytsalar-da, ellikdan ortig‘ini bermaysiz. Buning sirini mehnatda biladigan aya momo kasbidan faxr-u iftixor sezadi. Kasbim yo‘qolmasin deb 6 qizi, 2 keliniga ham o‘rgatgan. Ayni paytda esa nevara-chevara qizlar ham momo kasbi sirlarini o‘rganishga kirishgan.

Beixtiyor Termiz shahrining pavilyoniga ko‘z tashlaymiz. E’tiborimizni o‘rmakda gilam to‘qiyotgan qiz va hamrohlari tortadi. Sekin suhbatga tortsak, bu qiz endigina dastgohda o‘tirib, qiziqqanidan to‘qishni boshlaganini aytadi. Ammo, kuzatsangiz, anchagina qo‘llari kelishib, gilam to‘qiyotganini ko‘rib, ishtiyoqning zo‘riga tasanno o‘qiysiz.

— Biz Termiz davlat pedagogika institute talabalarimiz, — deydi Maftuna Salomova. — 9 fakultet 9 yo‘nalishda milliy qadriyat va an’analarimizni ko‘rsatmoq niyatida Navro‘z saylida ishtirok etmoqdamiz. Yonimizda milliy taomlar ko‘rgazmasini tashkil qilishgan bo‘lsa, biz sirtqi bo‘lim talaba qizlari esa milliy gilamchilik san’atini namoyon etyapmiz. Asli talabalarimizning ko‘pchiligi qo‘li gul hunarmand. Hatto bu ishdan yaxshigina daromad oladiganlari ham bor. Ko‘rib turganingiz o‘rmakdagi ushbu taqir gilamni ham talabalarimiz to‘qishgan. Jarayonga qiziqib men ham to‘qib ko‘rdim. Qarasam, qiziqarli jarayon ekan, shundanmi ishga kirishib ketdim.

O‘rmakda bir necha metr gilam to‘qib gilamchilik san’atining va hunarmand mehnati ko‘rinib qolgan ishda ranglar moslanib, to‘qish davom ettirilayotgan, havaskorlar bir-bir o‘zlarini sinab ko‘rayotgan ekan. Kuztasangiz bu ishni-da o‘z qiyinchiligi, mashaqqati bor, muhimi ipni terib, qilich bilan urib, mustahkamlab boraverarkansiz… oxirida esa mehnatingizning natijasi ko‘zlaringizni quvnatishi, keyingi ishingizga ilhom bag‘ishlashi aniq.

Navro‘z sayli esa qizig‘in kayfiyatda, ko‘tarinki ruhda davom etar, povilyonlarni kezib, o‘zingiz uchun milliy va qadimiy urf-odat, qadriyatlarning yangicha qirralarini kashf etib boraverasiz…

Sayyora ALLAYEVA,

Sadbarg ITOLMASOVA

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yuksak mukofotlar muborak, surxondaryolik o‘g‘lonlar!

Yurtimiz sharafini yuksakka ko‘tarib, o‘zlarining yutuqlari bilan o‘rnak bo‘lib...

Yirik investitsiya loyihalari bilan tanishildi

Loyihalar, g‘oyalar har doim qimmtli va muhim ahamiyatga ega....

Prokuraturada yangi bo‘linma tashkil etiladi

Har soha va tizimni rivojlantirish uchun yangi qadamlar tashlanadi....

Migrantlarning farzandlari ta’limi uchun to‘lov joriy etiladi

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining farzandlari o‘qishi uchun to‘lov...
KunTun
KunTun