Odobsizga odob darsi…

Date:

Avtobus liq to‘la odam. Bekatda oldi eshikdan bir qariya-yu tuguncha ko‘targan kampir chiqdi. Ikki-uch bekat yurmay yo‘lovchilar ularni avtobusning o‘rtasigacha surib olib borib qo‘yishdi.
– O‘g‘lim, – dedi tik turgan qariya bir kishilik o‘rindiqda o‘tirgan o‘smirga yuzlanib, – mana bu 80 dan oshgan buving ozgina qiynalib qoldi chog‘i, senga qiyin bo‘lmasa qo‘lidagi tugunchani tizzangga ovolsang, ancha savob ish qilgan bo‘larding-da. Yoki…
Cholning gapi hali tugamasdan o‘smir yigit qo‘pollik bilan:
– Bu menga buvi emas, kesatmasdan tur o‘rningdan, o‘tirishga haqqing yo‘q deb aytavering, – dedi dag‘allik bilan o‘rnidan turarkan.
Kampir xijolatda: – Bolam o‘tiravering, men hali toliqqanim yo‘q. Buvangiz betobligim uchun menga achinib, shunchaki aytdilar-da. Sizlar kuni bilan oyoqda turib, ko‘proq charchaysizlar, bolam!
Yigitcha yana qo‘pollik qildi: – Turdim-ku, endi ko‘p vaʼz o‘qimay, o‘tiravering-da.
– Xo‘p bo‘ladi, bolajonim. Rahmat, baraka toping, umringiz uzoq bo‘lsin, kamlik, xo‘rlik ko‘rmang. Qarilik – Sizga ham nasib qilsin!
Avtobusda ketayotgan katta-kichik o‘smirga jahl bilan qarab qo‘yishdi. Uning yuziga hech kim hech nima demadi, lekin yigitchaning ota-onasi tarbiya bermaganligiga achinishdi. Qariya ham, kampir buvi ham o‘smirning qo‘pol qilig‘ini ko‘rmagandek, andishasizlik bilan aytgan so‘zlarini eshitmagandek shirinsuxanlik namunasini ko‘rsatdi. Shu bilan odob ko‘rmagan bolaga odob darsini berishdi.
Xalqimiz bejiz “Shirin so‘zim – rizq-u ro‘zim” demaganiga yana bir bor ishonch hosil qilishdi. Bola ho‘mrayganicha bekatda tushib qoldi.

To‘lqin Muhiddin

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun