“Dadam mening qahramonim”

Date:

Samoni qop-qora bulutlar egallab olgan. Go‘yo yer yuzini zulmat qoplasa-yu, borliqni ko‘ra olmasak. Bulutlarni yorib chiqib, yorug‘lik, nur berayotgan quyoshning shu’lasi har yer-har yerdan ko‘rinib turgandagi holati ezgulikning tantanasiga o‘xshaydi. Quyuq o‘sgan archalar o‘rmondagi bor sir-u sinoatni yashirib turibdi. Tabiat yashil libosiga burkangan-u ro‘parangizda yastanib turgan ko‘l ko‘zgu misol manzarani o‘zida aks ettirgan. Ko‘l bo‘yida esa o‘rindiq. Bu sizga atalgan joy. Avval boshdanoq bu joy siznikidek, siz o‘sha nuqtada o‘tirib olib, manzarani tomosha qilayotgandek edingiz…

Bu manzara qandaydir ajoyib, sehrli. Faqatgina ko‘ldagi suvning shitiri, mayin shabadaning quloqlaringizda yoqimli ovozi kelmayapti. Va yana o‘rmon hidi va qushlarning chug‘uri eshitilmayapti. Chunki bu manzara haqiqiysidan olingan eng go‘zal ko‘chirma. Bu ko‘chirmani 14 yoshli maktab o‘quvchisi chizganiga ishonmasligingiz aniq. bu ijod namunasini mohir rassom chiza oladi deb o‘ylaysiz. Ammo, Umidjonni ijod ustida ko‘rsangiz, kuzatsangiz, bunday faraz va tahminlar o‘z-o‘zidan chekinadi.

Umidjon Rofiyev qo‘liga mo‘yqalam tutsa, butun dunyoni unutadi va o‘z olamiga g‘arq bo‘ladi. Kimlardandir eshitganman, eskizlari o‘xshashi uchun ham kayfiyat kerak ekan. Kayfiyat bo‘lmasa, chizma ko‘ngildagidek chiqmaydi. Bu rassom uchun qonuniyatdek tuyilishi mumkin. Umidjon esa ayni kayfiyati bo‘lmaganda, zerikkanida, uni xafa qilishsa yoki nimadandir o‘ksinsa, sirdosh qidirib dardini aytmaydi. Aksincha, chizishni boshlaydi. yoshgina o‘spirinning sirdoshi ham mo‘yqalam va bo‘yoqlari, oppoq qog‘ozlar. His-tuyg‘ularning ajib manzarasi oqqa ko‘chsa, ruhiyat talqin etilgandek, chizilganlar ma’no kasb eta boshlaydi. Ishini tugatganida esa yengil tortadi. Qarabsizki, ko‘ngildagi g‘uborlar ham o‘z-o‘zidan tarqaladi. Umidjonning yuz-ko‘zlarida tabassum yuguradi. Bir qaraganda vaqtni mana shunday o‘tkazish, undan mohirona foydalana olish estetik dam olib, ruhan yengil tortish ajoyib. San’atga oshno ko‘ngillargina vaqtini mana shunday sarflay oladi.

Yosh rassom chizgan manzaralar, portret, natyurmortlarni tomosha qilsangiz, ularning har biridagi yondashuv, rang tanlashdagi mohirlikka qoyil qolasiz. Beixtiyor muxlisga aylanasiz. Xonangizning devorini ayni shu suratlardan biri bezab turmasa, taskin topmasangiz kerak. Ularning bu qadar jonli chiqishining sirlarini qidirasiz, qiziqasiz. Umidjon esa sodda va samimiy yigit emasmi? So‘roqlaringizga siz istagan javobni bera olmaydi. U topadigan kadrlar go‘zal. U anglaydigan, sezadigan, his etadigan go‘zallik sizni maftun etadi. Balki u mohirona javob bera oladigan notiq bo‘lganida hozir rassom haqida emas, adabiyot, she’riyat haqida munozara qilayotgan bo‘larmidik…

Ammo, biz anglagan haqiqat shu bo‘ldiki, san’at asari yaralmog‘i uchun iste’dod kerak. Iste’dod bo‘lmasa, tajriba, bilim o‘z ishini tugallay olmaydi. Mohirlik bilan solingan surat iste’dodsiz hissiz ko‘rinib qoladi. E’tiborni torta olmaydi. Mehringizni qozonmaydi.

Umidjon yozishni bilishidan avvalroq, chizishni bilardi. To‘g‘rirog‘i, chizishni istardi. Chizib ko‘rishdan esa sira qo‘rqmagan ham. Qo‘liga tushgan qog‘ozga hayvonlarning va yana xayollaridagi manzaralarni chizib ketaverardi. Onasi Gulsara opa guvoh – bu suratlar o‘xshagan. O‘g‘lidagi qiziqishni, iste’dodni ko‘ra olgan. Yana va yana chizishi uchun birgalikda chizishgan. Mana sizga ona ibrati.

Gulsara opa maktabga borib, xat-savodi chiqqan o‘g‘lini 2-sinfida Boysun tumanidagi 6-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabiga olib bordi. Yosh iste’dod ayni shu maskanda o‘z mahoratini oshirdi. Chizish texnikasini oshirdi. Nimadandir ulgi olib chizgan suratlari avval biroz noo‘xshash chiqqan bo‘lsa, endi bu kamchiliklar o‘z-o‘zidan bartaraf etildi. O‘shanda ilk bor chizgani otasining surati bo‘ldi.

—Dadam mening qahramonim, – deydi Umidjon. – Ular doimo xushchaqchaq va samimiy. Hech qachon yolg‘on gapirmaydi. Ularning bor samimiyatini oqqa tushirishga harakat qildim. Zimdan kuzatib yurib, o‘zlariga bildirmasdan chizdim. Bu surat ularni xursand qildi.

Balki bu urinish muvaffaqiyatli kechgani uchun ham Umidjon ishonch bilan san’at olamiga dadil qadam tashlagandir…

Umidjon erkin bo‘lishni, sevgan mashg‘uloti bilan band bo‘lishni xush ko‘radi. Uyida esa ayni shunday muhit hukmron. Farzandini yaxshi tushungan va anglagan ota-ona Umidjonning istaklarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelishadi.

Rassom yigit, ayniqsa, manzara chizishni yaxshi ko‘radi. Bitta surat ustida bir necha kun, boringki, haftalab vaqt ketkazsa-da, ishidan sovumaydi, erinmaydi. Shunday tashlab qo‘ymaydi. Natija esa yomon emas. O‘zi o‘qiydigan maktabda ham yosh rassom anchayin taniqli. Tanigan-tanimagan ham Umidjonga suratini chizib berishini so‘raydi. Bunga javoban rassom muxlislarini xafa qilmaydi. Vaqt topib, albatta, chizib beradi. Qiyofalarni, kafyiyatni, ko‘zlarni chizishdan bir olam zavq oladi.

Eskizlarni qoralash yaxshi, ammo unga rang berish, undan-da zavqli. Xuddi chizgilarga jon kirib, jilolanayotganga o‘xshaydi. Umidjon sariq, qora, qizil ranglarni yaxshi ko‘radi va ayni shu ranglardan ko‘proq foydalanadi. O‘ziga ishonchi baland, ijodkorona fe’l-atvorni ifodalovchi bu ranglar qahramonimizning tabiatini ham ochib bergandek bo‘ladi. Ko‘plab ranglar va ularning soyalari bilan to‘ldirilgan olamda bu ranglarning  o‘z tushunchasi, o‘z ustunligi bor. Va yana bu ranglarning qorishmasidan ranglar chiqarishning ham ustasi bo‘lib qolgan bizning yosh rassom do‘stimiz. Bu ishda ustozi Bahrom aka Ro‘ziqulovning xizmati katta deb biladi.

—Ustozim Bahrom akadan ko‘p narsani o‘rganganman, – deydi shogird yigit. – Chizish texnikasi-yu ranglar chiqarishni, o‘lcham olishni, suratga mehr berib chizsangizgina u haqiqiydek chiqishini anglaganman, bilganman.

Maktabning devoriy gazetalari, tadbirlarga oid suratlar muallifi, albatta, Umidjon Rofiyev. Maktab ma’muriyati ham uning iste’dodiga ishonishadi va suyanishadi. Qolaversa, ko‘plab tanlovlar, festival va ko‘rgazmalardagi ishtirokida ham tomoshabinlar va hakamlarning e’tibori, e’tirofiga sazovor bo‘lib kelayotgani yosh rassomning eng katta yutug‘i deyish mumkin. San’atga oshno ko‘ngil nafaqat rassomchilikka, balki haykaltaroshlikka, robototexnikaga ham qiziqadi. Yosh bo‘lsa-da, o‘z qiziqish va mahoratini sinab ko‘rib, ajoyib haykallar, DVD motori, ruchka qutisidan o‘zi yuradigan mashina ham yasab ko‘rgan.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Termizda OAV uchun saylovoldi matbuiot anjumani tashkil etildi…

Termiz shahridagi Termiz davlat universitetida viloyat hududiy saylov komissiyasining...

Yubileyga hozirlik qizg‘in

Ma’lumki, Prezidentimizning 2024-yil 15-avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini...

Folklor jamoalariga musiqa asboblari topshirildi

Ish qurolimiz bor ekan, mashaqqatimiz oz bo‘lur. Ayniqsa, san’at...

“Machay”da maktabga qo‘shimcha bino qurildi…

Bugun mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilayotgan keng...
KunTun
KunTun