“Bolaning nutqini o‘stirish bilan birga fikrlashga, tasavvur olamini kengaytirishga xizmat qiladi”

Date:

Tarbiyachi – deya bolaga boshlang‘ich bilim va ko‘nikmani berib, tashqi olam bilan tanishtiradigan, vaqtini mazmunli o‘tkazishda yordam beradigan mutaxassisni tushunamiz. To‘g‘ri, shunday, ammo bu tushunchalar yanada boyigan, tarbiyachilarning mas’uliyati, ijodkorligi yanada oshgan. Ularning qirralari, pedagogik mahoratlari bugungi zamon bolasini munosib tarbiya etish yo‘lida safarbar etilgan. Bugun tarbiyachi farzandlarimizni shunchaki kun davomida enagalik qilib beradigan enaga sifatida qaralmaydi. U ijodkor, pedagog, psixolog, kerak o‘rinda logoped. Hattoki, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ular foydalanadigan yordamchi texnologiyalar, o‘yinchoqlar, metodik qo‘llanmalar ayni tarbiyachilarning o‘z qo‘llari bilan yasaladi va foydalaniladi.

Ro‘zg‘orda tikich-bichishdan qolgan mato qoldiqlari-yu, qog‘oz qiyqimlari, karton bo‘laklari chiqindi qutimizdan joy olsa, bog‘cha opalari ulardan unumli va foydali maqsadlarda foydalanib kelishayotir. Mohir qo‘llar tomonidan yaratilayotgan ajib san’at namunalari bolajonlar uchun sevimli o‘yinchoq vazifasini o‘tasa, boshqa tomondan mashg‘ulotlarni qiziqarli o‘tishida, vaqtni mazmunli tashkil etishda yordam beradi.
Termiz shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mohir ijodkor-tarbiyachilari ishtirokida tashkil etilgan “O‘yinchoqlar ustasi” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida ko‘zlarni quvnatuvchi o‘yinchoqlar yasaldi.
Ijod namunalari taqdim etilgan ko‘rgazma esa tarbiyachilarning mahoratidan, boy tajriba va faoliyatidan so‘zlab turgandek bo‘ldi. Tarbiyachilar qunt va ishtiyoq ila ishga kirishdilar. Har birining stolining ustida kerakli ashyolari jamuljam.

Ko‘rgazmaga taqdim etilgan o‘yinchoqlarni kuzata turib, 22-IMTT tarbiyachisi Xolida Mo‘minovaning ishi kishi e’tiborini tortmay qolmaydi. Ishtirokchi yasagan har bir o‘yinchoq bolani aqliy rivojlantirish, rang va shakllarni tanish, farqlashda, fikrini jamlab, nutqini, qo‘l va yirik motorikalarini rivojlantirishda yordam berishi bilan ahamiyatli. Ayniqsa, ipdan to‘qilgan, sochlari o‘rim-o‘rim qilib yasalgan milliy yumshoq o‘yinchoqlar ertaklarni teatrlashtirishda, voqealarda qahramonlarni jonlantirishda katta yordam beradi.

– Ushbu o‘yinchoqlardan mashg‘ulotlarda keng foydalanamiz, – deydi Xolida Mo‘minova. – Bular bolajonlarimizning sevimli o‘yinchoqlari desam ham bo‘ladi. Hatto bolalarning o‘zlari biz bilan birgalikda qahramonlarni jonlantirishda yordam berishadi. O‘zlari ularni gapirtirishib, fikr va munosabatlarini bildirishadi. Bu bolaning nutqini o‘stirish bilan birga fikrlashga, tasavvur olamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, bog‘cha opalarning o‘z qo‘llari bilan yaratayotgan qo‘g‘irchoqlarning yasalish jarayonini, ishga yondashuv va yasash texnikasini kuzatish bahonasida, ularga munosib baho berish mumkin. Hakamlar hay’ati ham ayni shu jihatlarga e’tibor berishdi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomoshadan zavq olib…

Bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va...

Talablar belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.06-23 «Shahar ko‘cha-yo‘llari. Piyoda mintaqalari...

Ochiq eshiklar kunida…

Albatta, bolajonlardan kelajakda kim bo‘lishlarini so‘rasangiz, kimdir harbiy, kimdir...

Munosiblar tavsiya etiladi

Imtiyoz so‘zi quloqqa xush yoqadi. Har birimiz qanday bo‘lmasin,...
KunTun
KunTun