Qiziriq tumanida aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, turmush darajasini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ehtiyojmand oilalarga daromad manbaini yaratishi orqali kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan 1930 nafar xotin-qizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga navbati bilan olti oy orasida jami 612,3 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi. 135 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydondan 20-25 sotixdan yer ajratib, shudgor qilinib, takroriy ekinlar ekishga ko‘maklashildi.
Prezidentimizning 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirini to‘g‘risida”gi qaroriga asosan paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga hokimlik zaxirasiga olingan dalalardan 22 gektari “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan 908 nafar yoshga o‘zini-o‘zi band qilish va turfa ziroatlar yetishtirish maqsadida o‘n yilga 25 sotixdan ijaraga berildi. Ayni damda yoshlar yerga har xil ziroatlar parvarishlashyapti hamda barvaqt yer olganlar ertachi ekinlar hosilidan allaqachon daromad ko‘ra boshladi. Shuningdek, “Temir daftar” ro‘yxatidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 84 ta oilaning 342 nafar a’zosini foydali mehnatga jalb qilish choralari izlanyapti.
Qiziriq tumanida ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnat qilish layoqati cheklangan fuqarolar soni ancha. Shu toifadagi shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam ko‘rsatish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash bevosita mablag‘ga borib taqaladi. Qiziriq tumanida homiylik qiladigan darajadagi iqtisodiy barqaror korxona, zavod, fabrika yo‘q hisobi. Lekin aholining yordamga muhtoj qismini kambag‘allikdan qutqarish va ularga moddiy yordam berishning birdan-bir imkoniyati yerdan samarali foydalanish. Boz ustiga bu yil sug‘orish tarmoqlarida suv yetarli.
Tumanga yangi hokim bo‘lib kelgan Rustam Pardayev faollar, oqsoqollar, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, klaster tashkiloti rahbarlarini maslahatga chorlab, g‘alladan bo‘shagan va hokimlik zaxirasidagi yerlardan 1136 gektariga don uchun makkajo‘xori yetishtirish va daromadini ijtimoiy himoyaga muhtoj xalqni qo‘llab-quvvatlashga sarflanishini bildirdi. Deyarli hamma bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Shundan so‘ng fermer xo‘jaliklari, klaster tashkiloti va tadbirkorlarning texnikasi dalalarga safarbar qilinib, avvalo yerlar sifatli shudgorlandi, egat olindi. Tadbirkorlar tomonidan xorijdan olib kelingan makkajo‘xorining tezpishar va serhosil “Simon”, “Akipara”, “Akaroa” navlari urug‘i tez kunda ekildi.
— Makkajo‘xorining xorijdan keltirilgan navlari serhosil, o‘simlik har tupida 3-4 tadan so‘ta boylaydi, hosili tez pishib yetiladi, — deydi tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Poyonov. — Har gektar maydonga 75 donagacha urug‘ qadaldi. Ayni paytda dalalarimizda don uchun o‘stirilayotgan makkajo‘xori parvarishi agrotexnika talablari asosida tashkil qilinyapti, bo‘yi esa 60 santimetrga yetgan.
Soha mutaxassislarining tahliliy hisob-kitobiga qaraganda, hozirda 1136 gektar maydonda don uchun o‘stirilayotgan makkajo‘xoridan oktyabr oyi o‘rtalariga borib 14 ming tonna don olinadi. Har gektar maydondagi makkajo‘xori poyasidan 15 tonnadan chorva mollari uchun xushxo‘r va to‘yimli ozuqa-silos jamg‘ariladi. Don va silosning umumiy daromadi 4,5 milliard so‘mdan ortishi prognoz qilinmoqda.
Tabiiyki makkajo‘xori o‘z-o‘zidan so‘ta boylamaydi, poyasi ham baquvvat bo‘lmaydi. Faqat sifatli ishlov, namunali parvarish, o‘z vaqtida sug‘orish hisobiga yuqori hosil yetishtirish mumkin. “Zarbdor” mahallasiga borganimizda “Uchrashuv istiqboli” hududidagi 10 gektar maydonda parvarishlanayotgan makkajo‘xorilarning bo‘yi 60 santimetrdan balandlagan, tajribali dehqon Oltiboy Ortiqov o‘g‘illari – Elmurod, Yusuf bilan dalaga suv tarab turgan ekan. “Salom-alik, horma-bor bo‘l”dan so‘ng Oltiboy aka to‘ng‘ich o‘g‘li Boymurod shaxsiy traktori bilan makkajo‘xori egatlari orasiga ikki marta kultivatsiya o‘tkazib, bir marta oziqlantirganini, kelinlari – Guliston Botirova, Saodat Qulboyeva, Sayyora Ortiqova, Gulbarg Bobaraimova makkajo‘xorilar ostini yumshatib, begona o‘tlarga qarshi kurashayotganini hikoya qildi.
“Makkajo‘xori sho‘x, g‘o‘zaga o‘xshab ko‘p ishlov talab qilmaydi. Yana bir marta ostini yumshatib, begona o‘tdan tozalaymiz va yana bir marta egat oralariga kultivatsiya yurgizib, oziqlantirsak bas. Keyin izma-iz sug‘oraveramiz”, deydi tajribali dehqon. To so‘talar donga to‘lib hosil yig‘ilgunicha ishchi kuchi va texnikaga hojat bo‘lmaydi. Makkajo‘xori parvarishida faol ishtirok etayotgan Oltiboy Ortiqov oila a’zolari qanday naf ko‘radi? degan savol ko‘ndalang bo‘ladi. Mehnatkash dehqon Oltiboy otaning aytishicha, oila a’zolariga g‘alladan bo‘shagan maydondan ikki gektar yer berilgan, texnika ajratib, urug‘lik berib mosh ekib berishibdi.
— Boshqa dalalarda ham makkajo‘xori parvarishi shu zayl tashkil qilingan, — deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Kamol Bobonov. — Chopiqchi ayollarga, suvchilarga kunlik ishiga qarab pul berilyapti. Fermer yoki klaster texnikasini vaqtincha ijaraga berib qo‘yibdi. Ammo, traktorchiga ish haqi, solyarka, ma’danli o‘g‘it xarajatlari hokimlik tomonidan qoplanmoqda. Bu xarajatlarning barchasi uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘idan foydalanilyapti.
Sirasini aytganda, to makkajo‘xori doni pishib, poyasi silos qilinib, chorvadorlarga sotilgunicha nari borsa, jami 600 million so‘m xarajat qilinadi.
Xalqimizda “Pul-pulni topadi” degan gap bor. Qiziriqliklar nari borsa, 600 million so‘m sarflab makkajo‘xori parvarishlayapti. Kuzakda makkajo‘xori doni va silosini sotib, 4,5 milliard so‘m daromad qilishni ko‘zlashmoqda. O‘simlik parvarishida ishtirok etayotgan dehqonlarning, traktorchining ish haqi, ma’danli o‘g‘it, texnika, yonilg‘i-moylov materillari xarajatlari uchun sarflanayotgan mablag‘ daromaddan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobiga qaytariladi. Hosil chin bo‘lib bersa, sof 3,5 milliard so‘m foyda tuman aholisining turmushini farovonlashtirishga sarflanadi.
Usmonali Normatov