Ibn Sino izdoshlari oramizda

Date:

Qishlog‘imizda keksa bir kampir yashardi. Eskirib ketgan, uvadasi chiqay deb qolgan kitobni qo‘ltiqlagani-qo‘ltiqlagan edi. Qachon qaramang, biror bir o‘simlikni chaynagancha, “timirskilanib” giyoh qidirib yurganini ko‘rardingiz. Kasalga chalinganini ham hech eshitmagandik. Kunlardan bir kuni o‘sha qariya to‘satdan yiqilib, betob bo‘lib qoldi.

Biror joyi og‘risa, darrov shifokorga,  dorixonaga chopqillaydigan odamlarmizda baribir, kampirdan xabar olishga oshiqqan borki,  uni shifokorga borishga undashdi. Dorixonaga yuguray, deganlarga qo‘lini bigiz qilib, eski yonxaltasini ko‘rsatib, ichidan qovjiragan o‘tni olib, uni qaynatib kelishini so‘radi. Odamlar hayron edi. “Siz doim o‘t-o‘lanlar bilan mashg‘ulsiz, bularning sizga nima keragi bor, axir zamonaviy tibbiyotga nima yetsin”, deyishganida ranjib, “senlar aytayotgan zamonaviy tibbiyotning negizida ibn Sino yozib qoldirgan dorivor giyohlar, shifobaxsh o‘simliklar yotibdi, senlar he yo‘q-be yo‘q ximikatga chopasan, keyin qornim og‘ridi, kasalim zo‘raydi, deya hali qirchillama yoshingda ham kasaldan boshing chiqmaydi” deya dashnom berardi.

Bir narsa qiziqki, o‘sha bir chimdim o‘t keksa kampirni oyoqqa turg‘azdi, u oldingidan ham tetik edi…

Darhaqiqat, fanda isbotlanganki, tibbiyotda qoʻllaniladigan dori-darmonlarning qariyb 40-47 foizi oʻsimlik xom ashyolaridan olinadi. Oʻsimliklar murakkab tuzilishiga ega boʻlgan jonli tabiiy kimyoviy laboratoriya boʻlib, oddiy noorganik moddalardan murakkab organik moddalar yoki birikmalarni yaratish qobiliyatiga ega. Buni yaxshi anglagan va shu soha ichida ancha yillardan beri yurib tajriba orttirgan Sherzod Mardonov avvaliga ibn Sino asarlariga yuzlandi. Dorivor o‘simliklardan tabiiy biologik faol qo‘shimchalar tayyorlash mumkinligiga ishonch hosil qilgach, ishga kirishdi.

Tadbirkor haqida eshitganimiz bor edi. Yo‘limiz tushib, Angor tomonga bordik. Maqsad esa tabbiy giyohlardan biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarilayotgan “Angor-Farm”.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatga kirib borar ekansiz, avvalo, tozalik, tartib, har yonda o‘simliklaru gullar bilan burkangan ozoda va shinam muhitni ko‘rasiz. Ishlab chiqarish obyektimi yoki yangi kelin tushirilgan birorta xonadonmikin, deya ikkilanib ortga qaytamiz. Ammo darvoza yonidagi “Angor-Farm” yozuvi bizni yana ichkariga undaydi.

Tadbirkorning yaxshi bir odati bor — avval tozalik va tartib-intizom, keyin ish. Kitob javoniga terilgan kitoblar faqatgina tib ilmidan, ibn Sinodan so‘zlaydi. Asli yo‘nalishi iqtisodchi bo‘lgan qahramonimiz, dorishunoslikda ham anchayin bilim va tajriba orttirgan. Ishning egasi sohani yaxshi tushunmasa, ishchilardan nimani kutasiz, deya fikrida qat’iy Sherzod Mardonov bilan suhbatimiz ishlab chiqarish jarayonlariga ulanib ketdi.

Dastlab mutaxassislardan biologik faol qo‘shimchalar tayyorlashda nimalarga ahamiyat qaratish kerak, qaysi o‘simlik yoki giyoh qaysi tabletka tarkibiga qancha miqdorda qo‘shiladi, bularni miridan-sirigacha o‘zlashtirgan tadbirkor tog‘li hududlarda istiqomat qilib, giyoh terish bilan mashg‘ul kishilarni qidirdi. Ular bilan kelishuv asosida tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadigan giyohlarni olib kelib biolaboratoriyasida mutaxassislar bilan ishni yo‘lga qo‘ydi.

—Avvaliga dorixonada ishlaganim, ustiga ustak oilaviy klinikamiz ham bo‘lgani uchun aholining salomatligi, bemorlarni tabiiy usulda davolash kabi mavzular oilamizda asosiy gurunglardan biriga aylanardi, — deydi “Angor-Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shezod Mardonov. — O‘zimizda ham dorivor o‘simliklar, tabbiy giyohlar judayam ko‘pligi, faqat undan ko‘pchilik foydalanmasligi, vohada bu soha yangilik ekani gurunglarimizning asosiy mavzusiga aylanib, ota-bola maslahatni bir joyga qo‘yib, biologik faol qo‘shimcha sifatida 3 turdagi tabletkalarni ishlab chiqarishni maqsad qilgandik. Avvaliga ushbu tabletkalarni tayyorlash uchun yo‘riqnomani sotib oldim. Keyin esa mutaxassislarning o‘zi kelib mahalliy ishchilarga o‘rgata boshladi. To ular tabletka tayyorlash, qadoqlash usullarini o‘zlashtirgunicha mutaxassis ishchilar bilan birga faoliyat yuritdi.

Avvaliga bilogik faol qo‘shimcha bo‘ladigan tabletkalar tayyorlashdan boshangan faoliyat 4 turdagi mazlar tayyorlash bilan yanada kengaydi. Jami qiymati 0,3 million dollarga teng bo‘lgan “Angor-Farm” ning dorivor o‘simliklar plantatsiyasini barpo etish, 4 turdagi gigienik mazlar va 3 turdagi tabletka shaklidagi biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarish loyihasi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiritilgach, tadbirkorga uyi yonidagi eski, yaroqsiz holga kelib qolgan obyekt foydalanishi uchun berildi.

Erkin iqtisodiy zona tarkibida bo‘lish tadbirkor uchun imtiyozli kredit olish, sohaga oid subsidiyalardan foydalanishida ham yo‘l ochadi.

Sherzod Mardonov kamgap, ammo daryo ko‘rmasa etik yechmaydiganlardan. Agar u boshlagan loyiha ish bermasa, tashlab qo‘yib, sarflangan sarmoyaga kuyib qolmaslik, ustiga ustak raqobatbardoshlikni ta’minlash maqsadida ham o‘ziga xos ish tutadigan maqsadli tadbirkor.

Sinalmagan otning sirtidan o‘tma, deganlaridek, “Angor-Farm”da ishlab chiqarilayotgan “Sisto maks”, “Prosto maks”, “Yoda maks” kabi biologik faol qo‘shimchalar, “Anti layshman”, “Stop gribok”, “Stop gemmoroy” hamda “Ugri stop” mazlarining sifatini faqatgina ishlatib ko‘rgan kishigina biladi, deyishingiz tabbiy, albatta.   Masalaning bu tomonidan tadbirkorning ko‘ngli to‘q.

—Birinchi galda Namanganga mahsulotlarimizni olib borsak, dorishunoslar ikkilanib olib qoldiyu ikki kun o‘tar-o‘tmas, telefon qilib, “bularingni nimadan tayyorlayapsizlar, sifati juda yaxshi ekan, yana yuboringlar” deyishdi, — deydi tadbirkor. — Bu esa bizni yanada ruhlantirib, ishni jadallatishga turtki bo‘ldi.

2017-yilning oxirlarida tashkil etilgan ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunga kelib,  bir oyda to‘rt-besh ming dona tabletka ishlab chiqarishga erishdi, mazlardan ham har oyiga xuddi shuncha miqdorda sotuvga chiqariladi. Giyohlarni terish, dorivor o‘simliklarni tabletka holiga kelturgunicha, mazlarni qadoqlashdan tortib, uni sotuvga yo‘nalturguncha bo‘ladigan jarayonlarda mehnatda suyagi qotgan, ishning ko‘zini biladigan besh nafar doimiy ishchi va yana ko‘plab mavsumiy va ishbay ishchilar ham “Angor-Farm”ning orqasidan rizq topayapti.

Kampirtepa, Boysun hamda Xomkon tog‘laridan shifobaxsh giyohlarni yig‘ib, yetkazib beruvchi ishchilar ham Sherzod Mardonovning tashabbusi orqali oila tebratib, shu yerning o‘zida mehnat qilayapti. 12-14 xildagi dorivor o‘simliklar saralanib, biologik faol qo‘shimchalar tayyorlanishi esa kishi salomatligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzqaymoq chet elniki, desa yotvolib yalaydi, deganida qiziqchi Xojiboy Tojiboyev haq gapni aytgan edi. Nomi chetniki bo‘lsa bo‘ldi, darrov o‘zimizni uramiz. Sherzod Mardonov ham shu borada kuyunchak.

—Avval boshdan mas’uliyati cheklangan jamiyat nomini “Angor-Farm” deya noto‘g‘ri tanlagan ekanman, — deydi Sherzod Mardonov. — Dorixonalarga mahsulotimizni olib borib, tabletka yoki mazlar xususiyatini, foydali jihatlarini aytmoqchi bo‘lsak, ba’zan eshitgisi ham kelmay, “o‘zimizniki, deng, yo‘q shart emas, olib ketavering, shartnomalarimiz bor, o‘zimiznikida sifat yo‘q” deya ortga havsalani pir qilib qaytarishgan paytlari ham bo‘lgan. Shuning uchun ham asosan, vodiy, Samarqand, Buxorodagi hamkorlar bilan shartnoma tuzib, dorixonalarga mahsulot yetkazib berayapmiz.

Tadbirkorlik faoliyatining o‘ziga xos qiyinchiliklari Sherzod akani ham chetlab o‘tmagan.

—Xitoydan keltirilgan uskuna uchun mutaxassis kelmay, uni ishlatishda qiyinchilik bo‘lib turgan paytda bir “ishbilarmon” chiqib, “uch ming dollar bersang, shu apparatni ishlatib beraman, deb turgan joyida boshlangan loyiha to‘xtab qolmasligi uchun ham shu taklifga rozi bo‘lib turgandim, ammo qachonlardir qilgan yaxshiligim shunday vaziyatda ko‘makka keldi, — deydi qahramonimiz. — Bir tanishimga uskunamni ishlatolmay turibman, nima qilsam bo‘ladi, deya boshim qotib telefon qildim. Bir og‘iz aytishim bilan telefonda videoqo‘ng‘iroq orqali uskunani ko‘rib, oddiygina bir tugmachasini bosishimni aytdi, o‘zi sal joyidan bo‘lib turgan ekanki, uskuna ishlab ketdi, deng.

Birov bilan ishim yo‘q. O‘z ishim, rejalarim bor. Sohada raqobat katta men ishlab chiqarayotgan mahsulotni boshqalar ham sotuvga chiqarishi mumkin. Ammo men mahsulotlarimni sotishda dillerlar xizmatiga tayanaman. Ular agar har oy mahsulotdan ma’lum miqdorda sotib, hisobimizga pul tushirib borsa, ko‘proq dorixonalar bilan shartnoma tuza olsa, ularga “Spark” mashinasini xizmatiga berib qo‘yganman. Uch yildan keyin mashina ularning nomiga o‘tadi.

Bugun Yevropa tibbiyotidan tortib, butun dunyo ibn Sino boshlab bergan tib ilmidan ulgi olib turgan bir paytda oramizda ham ibn Sino yaratib ketgan maktab “qozon”ida qaynayotgan tashabbuskor tadbirkorlarning borligidan quvondik.

Viloyat erkin iqtisodiy zonasiga bir nazar

Erkin iqtisodiy zona haqida ko‘p bora eshitamizu, aslida uning nima ekani, nimaga xizmat qilishi haqida ko‘pam bilavermaymiz. Aslida erkin iqtisodiy zona — tadbirkorlik subyektlariga, davlatlararo kelishuvlarga yoki maxsus qonunlarga muvofiq, xoʻjalik va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun imtiyozli soliq, moliya, huquqiy sharoitlar joriy qilinadigan muayyan hududlar. Xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni jalb etish maqsadlarida tashkil etiladi va ularda zarur ishlab chiqarish va ish yuritish infratuzilmasi barpo etiladi. Erkin iqtisodiy zonalar koʻp hollarda davlatlararo tutash hududlarda (bir necha davlatlarning chegaralari tutashgan hudud), xalqaro aeroportlar, port shaharlarda yoki transport yoʻllari tutashgan hududlarda tashkil etiladi.

Vohamiz ham transchegaraviy hududda joylashgani uchun Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-martdagi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga asosan, viloyatimizda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

Ushbu zonaning asosiy vazifasi davlat dasturlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish, ularga yer maydonlari ajratib berish, zarur muhandislik-kommunikatsiya, transport va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash va viloyatda qulay investitsiya muhitini yaratishdan iborat.

Yuqoridagilardan kelib chiqib savol tug‘iladi. Xo‘sh, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida ishlar qanday tashkil etilayapti? Tadbirkorlik subyektlari hamda aholi ushbu zonada amalga oshirilayotgan ishlardan manfaatdormi? Bir so‘z bilan aytganda, erkin iqtisodiy zona o‘zini oqlayaptimi?

Bu kabi savollar bilan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi rahbari Ulug‘bek Sapiyevga bog‘landik.

—“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi uchun 108,6 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, shundan 44,0 gektar yer maydon ishlab chiqarishni tashkil etishga, 39,0 gektar yer maydon plantatsiya tashkil etish uchun hamda qolgan 25,6 gektar yer maydon ichki yoʻllar hamda muhofaza zonalariga ajratilgan, — deydi viloyat “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi rahbari Ulug‘bek Sapiyev. — 44,0 gektar yer maydonida 24 ta lotlar belgilab olinib, ushbu lotlar  130 ta ishlab chiqarish hududlarga boʻlingan. Shundan, oziq-ovqat mahsulotlari 40 ta, sanoat mahsulotlari 60 ta, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 20 ta, farmotsevtika mahsulotlari 10 ta loyiha doirasida amalga oshirilishi belgilab olingan.

Hozirgi kunda jami ishlab chiqarish loyihalari uchun 9,0 ga yer maydoni ajratib berilgan bo‘lib, 35 ga yer boʻsh yer maydoni mavjud.

Shu kunga qadar “Termiz” EIZ hududida jami qiymati 2,8 million dollarga teng boʻlgan 3 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 65 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Eng yirik loyihalar “Nova-Farm”, “Angor-Farm” hamda “Boysun Lano” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Bulardan tashqari yana besh yirik loyiha ishlab turibdi.  

 “Termiz” EIZ hududida hozirgi kunda jami loyiha qiymati 45,5 million dollarga teng boʻlgan 9 ta istiqbolli yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ham qator ishlar olib boshlab yuborilgan. Zona tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan elektr energiya tarmogʻi, gaz taʼminoti hamda avtomobil yoʻllari qurish boʻyicha ham muhim loyihalar amalga oshirilib kelinayapti.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun