Xatar gazda emas, befarqlikda!

Date:

Bu safar gaz ballondan urishganmi deymanda? Negadir gazning hidi sassiq ekan. Dimoqqa urilib ko‘ngilni aynitdi, ishqilib gazdagilar urib qolmadimikin, toza gaz olib kelishmaganga o‘xshaydi, qabilidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinib turadi. Ammo aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi jarayonlar qanday, gaz tarkibiga qo‘shiladigan moddalar uning sifatiga ta’sir qiladimi, bugun gaz to‘ldirish shoxobchalarida qanday yangiliklar amalga oshirilayapti? Bu kabi savollar jurnalist sifatida meni ham qiziqtiradi. 

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi jarayonlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Muzrabot tumanidagi aholiga suyultirilgan gaz tarqatish shoxobchasida navbatdagi press-tur tashkil etildi. Unda jam bo‘lgan jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi.

Hududgaz Surxondaryo gazta’minot filiali sanoat xavfsizligi, ekologiya xavfsizligi favqulodda holatlarning oldini olish va ijro texnik hujjatlarning nazorat bo‘limi boshlig‘i Umid Esergapov hududga kiraverishdanoq press-tur ishtirokchilariga bir-bir jarayonlarni tushuntirishga kirishdi.

Dastlab, gaz balonlari ortilgan yuk mashinasi darvozadan kirmasidanoq mabodo uchqun chiqish holati sodir bo‘ladigan bo‘lsa chaqnamasligi uchun avtotransport vositalariga so‘ndirgichlar o‘rnatilishi bilan jarayon boshlanadi. Shundan so‘ng, gaz ballonlar yaroqli ekanlgi, bosimga bardosh berish bermasligi sinovdan o‘tkazilib, keyin balloning ichidagi og‘ir cho‘kindi to‘kib olinadi. Ya’ni qisqa qilib aytganda, gaz ballon kondensatdan bo‘shatiladi. (Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, kondensatlar xavfli vositalardan hisoblanib, aholi xonadonlarida uni to‘kib olish turli xil favqulodda holatlarga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Ammo kondensatning o‘zidan bir qator iste’molga yaroqli mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Faqatgina uning “tili”ni tushungan tadbirkorgina gaz quyush shoxobchalaridan xarid qilgan holda, foydalanishi mumkin)

Tamomila bo‘shatilgan gaz ballonlarga gaz kamera va tarozi nazorati ostida to‘ldirilishi ham shaffoflikni ta’minlaydi, desak xato bo‘lmaydi. Press-tur davomida favqulodda holat sodir bo‘lsa, chaqnash natijasida yoki gaz ballonlaridan gaz sizib chiqib, biror bir holat yuzaga keladigan bo‘lsa, shoxobchada faoliyat yuritayotgan xodimlarning qanday harakat qilishi, jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yong‘inni qay tarzda o‘chirish kabi mashg‘ulotlar yaqqol ko‘rsatib o‘tilgani esa yig‘ilganlarda to‘laqonli tassavvur hosil qila oldi.

Shuningdek, shoxobchaning o‘zida gaz ballonlarni ta’mirlash, bo‘yash kabi ishlar qanday bajarilishini mutaxassislar ko‘rsatib o‘tishdi. Muzrabot tumanidagi aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish shoxobchasida 13 nafar xodim mehnat qiladi va ular uchun barcha sharoitlar muhayyo. Sut-qatiq mahsulotlari, kerakli kiyim-boshlar hamda ko‘z, quloq, hamda yuz qisimini gazdan himoyalash maqsadida quloqchinlar, niqoblar bilan ta’minlangani ularning sog‘ligi va xavfsizligi uchun muhim amallardan.

Ilgari aholi faqatgina o‘z gaz ballonini to‘ldirib kelishini kutib o‘tirardi. Ba’zan tez ishlatilib qo‘yilgan gaz ballon to‘ldirilish navbati yetgunicha bo‘shab egasiga qiyinchilik tug‘dirardi. Eski hammom, eski tos, deya o‘choqqa o‘tin qalash ham shundan boshlanardi, aslida.

Endilikda kimda kimning gaz ballonidagi gaz tugaydigan bo‘lsa, o‘rniga to‘ldirilgan boshqa gaz ballonni olib iste’moli uchun foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, har bir gaz ballon uchun ID-karta orqali to‘lov tizimi joriy etilgani ham tushunmovchilik, o‘rtada egri qo‘llar aralashuvini ham bartaraf etdi, deyish mumkin.

Yana bir gap. Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda xavfsizlik choralari sifatida, odamlarning hayoti va sog‘ligini turli xil salbiy oqibatlardan asrash uchun ham, har tonna gaz uchun ma’lum miqdorda etilmerkaptan moddasi qo‘shilib, natijada hidsiz gaz o‘tkir hidli gazga aylanadi. Ko‘pchilikda norozilik tug‘diradigan noxush hid esa ana shu moddaning hidi. Chunki, ochiq qolgan gaz uskunalaridan gaz sizib chiqayotganini shu moddaning hidi yanayam aniqroq bildirishga xizmat qilar ekan.

Mutaxassislarning aytishicha, gaz o‘tkir hidli bo‘lsa emas, aslida hidsiz bo‘lsa qo‘rqish kerak.

Bugun eng chekka hududlarga ham tabbiy bo‘lmasa ham oqma gazlar suyultirilgan balonlarda tashib, vaqtida va normasida olib borilayapti. Bu ham bo‘lsa aholi uchun hukumat tomonidan yaratilayotgan ulkan imkoniyatdir. Faqatgina bir narsani aytib o‘tish kerakki, oldingi yillarga qaraganda, gaz bilan bog‘liq favqulodda holatlar va undan jabr ko‘rganlar soni ko‘payganini statistika ham aytib turibdi. “Gazdan ehtiyot bo‘ling”, “ko‘zingni chiqmasdan qo‘ri”, “gaz quvurlari va tarmoqlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘l” kabi ming-ming chiqiriq va ogohlantirishlarga qaramasdan, aholining befarqligi, loqaydligi sabab favqulodda holatlar ham uchrab turgani esa og‘riqli. Bundan ko‘rinadiki, faqatgina gaz bilan ishlaydigan mutaxassislargina emas, har birimiz ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Shundagina gaz bilan bog‘liq favqulodda holatlarning oldi olinadi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun