Qizlar xafa bo‘lmang, sizni davlat o‘qitadi

Date:

Ayol benuqson yaratilmishdir. Chunki faqat ugina ham oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qishni va yoki ish joyidagi vazifalarini ham tindirib qo‘yishga o‘zida kuch topa oladi. U shu ko‘yi boshiga tushgan tashvishu musibatlarni, hayotdagi qiyinchiliklarni ham nozik yelkasida ko‘tarib yurib, unga yechim, yo‘l axtaradi. Yaqinlarining qaysidir ishidan ko‘ngli to‘lmasa-da, ayrim paytlar unga ortiqcha bosim o‘tkazilsa-da, ayol bardoshiga suyanadi, sabr qila oladi. Aslida aytayotganlarimning bari boshqalar uchun odatiy hol, “shunchaki bu ayolning vazifasi, kerak bo‘lsa qiladi-da, chidaydi-da…” degan tushuncha bo‘lib ko‘rinsa-da, bu chinakam matonatdir!
Ha, hatto davlat rahbari “Ham, oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qish, ish yoki tadbirkorlikni olib borish katta matonat talab qiladi”, deya bekorga ta’kidlamadi.
Shu yilning 1- mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Quvonganim, yig‘ilishda bugun og‘riq nuqtamizga aylanib borayotgan muammolar tahlil qilindi, ularni bartaraf etish choralari izlandi.
Birgina o‘tgan 2021-yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zo‘ravonlik va taz’yiqlarga duch kelgan. Bu 2020- yilga nisbatan 2,5 baravarga ko‘pdir. Vaholanki, bu raqamlar bizning bugungi turmush-tarzimizdagi haqiqiy holatni ko‘rsatadi. Albatta, bu achinarli. To‘g‘ri, respublikamizda joriy qilingan himoya orderlari bu kabi zo‘ravonlikning oldini olishga qaysidir ma’noda yordam berayapti. Ushbu masalada murojaat qilgan ayollarning aksariyati 30 kun ichida himoyaga olinayapti, biroq, 30 kundan keyingi taqdiri nima bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang turibdi. Shu bois, endi ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan ta’minlanadi va alohida himoyaga olish bir yilgacha belgilanishi mumkin.
Chekka hududlarda, qishloqlarda ko‘plab ilmga chanqoq, bilimli qizlarni ko‘rganman. Ular orasida oliy ta’lim olish uchun o‘qishga kontraktga kirganlarining qancha-qanchasi o‘qiy olmagani meni juda qiynardi. Afsuski, birining oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmasa, birining ota-onasi “qiz bolaga shuncha pul sarflab o‘qitmaymiz” degan fikr bilan ruxsat berishmasdi. Bundan bir necha yillar oldin magistraturaga kontraktga o‘qishga kirganimda ham qarindosh-urug‘lar “qiz bolani ham magistraturada o‘qitadimi. Yana kontraktga-ya” deya otamga iddao qilishgani hali ko‘z oldimda. Hatto, tug‘ishganlarim o‘qitmaysiz deya, qarshilik ko‘rsatishgani, o‘zim ishlab, o‘zim to‘layman, faqat ruxsat beringlar deb yalinganimdan keyingina rozi bo‘lishgani kechagiday esimda. Bir men emas, ko‘pchilik qizlarimizni qiynaydigan mana shu kabi vaziyatlarga ham yengillik, imkoniyat yaratilishi ayni muddao bo‘ldi. 2022-2026 -yillarga mo‘ljallangan “Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi” qabul qilinib, dastur doirasida yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinishi, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab berilishi, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti esa mahalliy byudjetdan to‘lanishini eng katta yangilik bo‘ldi.
Qolaversa, poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi. Har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi. Yosh farzandi bor talaba-qizlarga esa masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi. Har yili maktab va kollejlarni bitirayotgan 20 ming nafar qiz IT sohasida davlat buyurtmasi asosida o‘qitiladi.
Bolasini bog‘chaga berishga iqtisodiy sharoiti yo‘q, ehtiyojmand yolg‘iz ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovlari byudjetdan qoplab berilishi ham ham xotin-qizlarga, ham maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga foydali bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2022 -yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi, ijtimoiy uylarning 700 tasi uy-joyga muhtoj yolg‘iz ayollarga ijaraga berilishi, xususiy sektorda ishlaydiganlarga 4 oy uchun 2 million so‘mdan bir martalik homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan to‘lab berilishi ham bu imkoniyatlarni davomi sifatida ayollarimizni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ayol tadbirkorlar safi kundan kunga kengayib bormoqda. Davlat rahbari bu harakatni yanada jadallashtirish niyatida 6 oy davomida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan xotin-qizlarga 300 million so‘m, 2 yillik faoliyatga ega xotin-qizlarga esa 1 milliardgacha, 3 yillik faoliyatga ega tadbirkor ayollarga 2 milliardgacha imtiyozli kreditlar ajratish taklifini bildirdi. Ayniqsa, doktoranturada o‘qish uchun xotin-qizlarga har yili 300 tadan maqsadli kvota, Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qishi uchun esa 100 ta kvota ajratilishi ilm o‘rganishga ahd qilgan olima qizlarimiz uchun ham yana bir qulaylik bo‘ldi.
Albatta, bitta yig‘ilishning o‘zida shuncha o‘zgarish, shuncha imtiyoz berilishi barcha xotin-qizlarimizni quvontirgani rost. Muhimi, bularning barchasi ayollarni rozi qilish, shu orqali oilalardagi muhitni yaxshilash ko‘zda tutilgan. Zero, jamiyatning taraqqiy etishi ham ayni shu ko‘zlangan maqsadga bevosita bog‘liqdir.

Feruza Rahmonqulova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun