Surxondaryo viloyatidagi 9 ming gektar anorzorning 5 ming gektari Sherobod tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Tumanda anorchilik nafaqat qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i, balki minglab oilalar uchun daromad va aholi bandligini ta’minlovchi sohaga aylangan.
Bugungi kunda tumanda anorchilikka ixtisoslashgan 100 ga yaqin fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. 48 ming xonadonning qariyb 16 mingida tomorqa yerlarida ham anor yetishtiriladi. Yetishtirilgan mahsulotlar ichki bozor bilan birga Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Joriy mavsumda Sherobodda 87 ming 500 tonna anor hosili yig‘ib olinishi kutilmoqda. Hosilning 30–40 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Mahsulotlarni saralash, saqlash va tashqi bozorlarga yetkazib berish uchun tashkil etilgan logistika markazlari esa eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

