Surxondaryo viloyatida aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash, ayniqsa, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldini olish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
“Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mavsumga tayyorgarlik doirasida 61,3 kilometr suv tarmog‘i hamda 150 ta nasos uskunasi ta’mirlandi. Avariya holatlariga tezkor javob berish uchun 18 ta brigada shakllantirilib, 38 ta maxsus suv tashuvchi texnika shay holatga keltirildi.
Shuningdek, yil davomida turli dasturlar va investitsiya loyihalari hisobidan suv infratuzilmasini yangilash ishlari amalga oshirildi. Natijada 127 ta mahalladagi 30 ming 810 nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, yana 72 ta mahallada 45 mingdan ortiq iste’molchining suv ta’minoti yaxshilandi.
Ayni paytda qiymati 287 million dollarlik To‘palang suv ombori suvidan foydalanish loyihasi ham davom etmoqda. Uning doirasida hozirgacha 190 ta mahalladagi 725 ming nafar aholi sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

