Sho‘rchi tumani hokimi Akbarali Ishmurzoyev 44-umumta’lim maktabida bo‘lib, ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng 11-sinf o‘quvchilari bilan uchrashib, ularning kelajak rejalari, oliy ta’lim olish istagi va kasb tanlovi haqida suhbatlashdi.
— Biz uchun juda hayajonli va unutilmas kun bo‘ldi, — deydi maktab o‘quvchisi Shohida Boltayeva. — Tuman hokimi bilan uchrashib, orzu-niyatlarimiz, kelajakdagi maqsadlarimiz va tanlagan kasbimiz haqida fikr almashdik. Eng quvonarlisi, hokim bizni diqqat bilan tinglab, o‘z fikr-mulohazalari va hayotiy maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.
Samimiy muloqot davomida o‘quvchilar o‘z fikrlarini erkin bayon etish, qiziqtirgan savollariga javob olish imkoniga ega bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar bitiruvchilarning kelajak yo‘lini belgilashida, o‘z maqsadlariga ishonch bilan intilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

