O‘zbekistonda fuqarolarni xorijga ishga yuborish vazifasi kelasi yildan to‘liq xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qurilish, sanoat va logistika sohalarida malakali kadrlarga talab mamlakatimizda ham, xorijda ham ortib bormoqda. Shu munosabat bilan Sergelidagi “Toshkent quvur zavodi” o‘z ustalarini jalb etib, yiliga 2,5 ming payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash tashabbusini bildirgan.
Shuningdek, har bir viloyatdagi 2–3 ta texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga 15 yilga berish, ular orqali yiliga kamida 30 ming nafar ish joyida darhol faoliyat boshlay oladigan mutaxassis tayyorlash rejalashtirilmoqda. Bitiruvchilarga davlat namunasidagi malaka sertifikati taqdim etiladi.
Tadbirkorlarning kadr tayyorlash va uskuna xarid qilishga sarflagan mablag‘larini to‘langan soliqlardan chegirish, xorijda yaxshi ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Texnikumlar xorijlik ish beruvchilar bilan ham bog‘lanadi.
Xorijda yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun xususiy bandlik agentliklariga 1,5 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lanadi. Yoshlarni kasb va tilga tayyorlash uchun texnikum binolarining bir qismi bepul ijaraga beriladi. Xorijdan jalb qilingan o‘qituvchi va ekspertlar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, o‘quv jarayoniga zarur uskuna va jihozlar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, xususiy bandlik agentliklari faoliyati to‘liq shaffof tizim asosida yo‘lga qo‘yilib, ularning reytingi yuritiladi. Fuqarolarning aniq ishga joylashtirilishi, huquqlari ta’minlanishi, yuqori daromad olishi va kafolatli ijtimoiy ta’minotga ega bo‘lishi asosiy mezonlar sifatida belgilanadi.
Prezident bir oy muddatda agentliklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qaror loyihasini kiritish, ushbu faoliyatni ijtimoiy xizmat sifatida ko‘rib, soliqqa tortishni shunga mos ravishda soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

