Termiz yoshlar texnoparkida “O‘zgarayotgan dunyo uchun ilg‘or innovatsiyalar” shiori ostida InnoWeek-2026 — xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Surxondaryo viloyatining hududiy saralash tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Unda Termiz davlat pedagogika instituti talabalari ham o‘z ishlanmalari va innovatsion g‘oyalari bilan ishtirok etdi.
22–25-oktyabr kunlari o‘tkazilgan tadbirlar doirasida hududdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, yosh olimlar, talabalar, startap jamoalari hamda tadbirkorlik subyektlarining ilmiy ishlanmalari, innovatsion mahsulotlari va istiqbolli loyihalari namoyish etildi.
Ko‘rgazma ishtirokchilarga o‘z loyihalarini keng jamoatchilikka taqdim etish, yangi hamkorlar topish, ishlanmalarning amaliy va tijoriy salohiyatini namoyon qilish hamda ularni yanada rivojlantirish imkonini berdi.
Tadbir davomida Surxondaryoda yaratilayotgan zamonaviy texnologiyalar, yangi mahsulotlar va amaliy yechimlar namoyish etilib, istiqbolli loyihalar saralab olindi. Bunday tashabbuslar yoshlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

