Termiz tumanidagi 18-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi. Uchrashuv yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini oshirish, ularda Vatanga muhabbat va yurt himoyachilariga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar chegara posbonlari bilan muloqot qildi. Harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida shaxmat musobaqalari o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarining mantiqiy fikrlash va zukkolik qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakunida ta’lim va sport yo‘nalishlarida faollik ko‘rsatgan o‘quvchilar hamda tashabbuskor harbiy xizmatchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday uchrashuvlar «Mahalla — maktab — harbiy qism» hamkorligini mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni ma’nan va jismonan barkamol etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Eng muhimi, o‘quvchilar uchun Vatan sarhadlarini qo‘riqlayotgan harbiylar bilan yaqindan tanishish va ularning faoliyati haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Islomjon Muxamadaliyev,
harbiy xizmatchi

