Denov tumani hokimi o‘rinbosari Sherzod Isanov ishtirokida aholi bandligini ta’minlash, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va turmush sharoitini yaxshilash borasida yetarli natijaga erishmayotgan mahalla yettiliklari faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.
Muhokamada ehtiyojmand oilalar bilan manzilli ishlash, ularning imkoniyat va ehtiyojlarini o‘rganish, doimiy daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashish hamda fuqarolar murojaatlarini amaliy hal etish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘rganishlar davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj xonadonlarning yashash sharoiti va mavjud muammolari bilan tanishildi.
Yig‘ilishda mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, kuzgi g‘alla ekish ishlarini sifatli tashkil etish hamda “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va saqlash zarurligi ta’kidlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

