Termiz shahridagi 12-sonli umumta’lim maktabida “Giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi” hamda “Shanba — Otalar kuni” munosabati bilan otalar ishtirokida qizg‘in va murosasiz sport bellashuvlari tashkil etildi.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlar va oilalarda zararli illatlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, shuningdek, farzand tarbiyasida otalarning mas’uliyati va o‘rnini yanada oshirish ko‘zlangan tadbir qiziqarli tarzda o‘tdi.
Ishtirokchilar mini-futbol, arqon tortish, armrestling (qo‘l mehnati va kuchi), tosh ko‘tarish, 60 metrga yugurish hamda uzunlikka sakrash kabi shartlar bo‘yicha o‘zlarining chaqqonligi, epchilligi va jismoniy tayyorgarligini namoyish etdilar. Zotan, shaxsiy namuna ko‘rsatish, sportni kundalik turmush tarziga aylantirish va farzandlarni har qanday yot illatlardan asrash har bir otaning eng sharafli burchidir.

