Yurtimizda ilk bor qabul qilingan Infarkt va insultga qarshi kurashish Milliy dasturi doirasida 2026-yil 1-noyabrdan umumta’lim maktablarida “FAST – superqahramonlar” xalqaro ta’lim dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
“Angels Initiative” xalqaro tashabbusi doirasidagi loyiha 1–4-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Dastlab Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 7 ta hamda Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlaridagi 6 ta maktabda mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Dastur orqali bolalar insultning dastlabki belgilarini — yuz asimmetriyasi, qo‘ldagi holsizlik va nutq buzilishini tanib olishni o‘rganadi. Shuningdek, bunday vaziyatlarda vaqtni boy bermasdan kattalarni xabardor qilish va 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish zarurligi tushuntiriladi.
Mashg‘ulotlar o‘yinlar, qahramonlar va videomateriallar yordamida tashkil etilib, bolalarning yoshiga mos ravishda olib boriladi. O‘quvchilar o‘zlashtirgan bilimlarini ota-onalari va yaqinlariga ham yetkazish orqali jamiyatda insult haqida xabardorlikni oshirishga hissa qo‘shadi.
Loyihaning asosiy maqsadi — insult belgilarini erta aniqlash, shoshilinch vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish va inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladigan bilimlarni bolalikdan singdirish.

