O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar endilikda nafaqat savdo va investitsiyalar, balki texnologiya, inson kapitali, innovatsiya va uzoq muddatli taraqqiyot masalalarini qamrab oladigan kengroq hamkorlik formatiga o‘tmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 13–16-sentabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi hamda Seulda 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti bu jarayonda muhim voqea bo‘ldi. Sammitda davlatimiz rahbari hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Ulardan biri “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” uzoq muddatli konseptual qarashini ishlab chiqishdir. Unda kelajakda mamlakatlarga qanday ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma, mutaxassislar va kompetensiyalar kerak bo‘lishini oldindan belgilash taklif etilmoqda. Bu yondashuv hamkorlikni bugungi ehtiyojlar bilan cheklab qolmay, ertangi kun talablariga moslashtirishga qaratilgan.
Ushbu konsepsiyani amaliy loyihalar bilan to‘ldirish uchun Jadal rivojlanish loyihalari portfelini shakllantirish ham taklif qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, 2030-yilgacha o‘zaro savdoni 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha mexanizm yaratish, O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo–Koreya” sanoat va texnologik parkini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.
Hamkorlikning yana bir yangi yo‘nalishi — kritik minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, yashil rivojlanish va iqlim masalalaridir. Bunda Markaziy Osiyoning resurs salohiyati bilan Koreyaning texnologiyasi va kapitalini birlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Biroq bu tashabbuslarning eng muhim jihatlaridan biri inson kapitaliga e’tibor qaratilayotganidir. Yoshlarni zamonaviy bilim, muhandislik, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajriba bilan ta’minlash, ta’limni real mehnat bozori ehtiyojlari bilan bog‘lash taklif qilinmoqda.
Demak, O‘zbekiston–Koreya hamkorligining yangi mazmuni faqat investitsiya yoki savdo raqamlarida emas. Uning uzoq muddatli qiymati yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish, malakali kadrlar va yoshlar uchun yaratiladigan imkoniyatlarda namoyon bo‘lishi kutilmoqda.
Jamshid Aliyev,
“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati
hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

