Qishloq va mahallalarda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish borasidagi ishlar Angor tumanida ham izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi PQ–141-son qarori ijrosi doirasida Chinobod, Do‘stlik va Navshahar mahallalarida qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etildi, ichki yo‘llar asfaltlashtirildi, ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Shuningdek, piyodalar yo‘laklari qurilib, hududlar tungi yoritish chiroqlari bilan ta’minlandi.
Amalga oshirilgan ishlar tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda tuman hokimi Qosim Mardonov, nuroniylar, jamoatchilik vakillari va mahalla ahli ishtirok etdi. Bayram tadbirida osh tortilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va bunyodkorlik ishlarining davomiyligi uchun shukronalik duolari qilindi.

