Yillar davomida mahalla aholisini qiynab kelgan muammolardan biri — hududni Yuqori guzar ko‘chasi bilan bog‘lovchi ko‘prikka ehtiyoj nihoyat o‘z yechimini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Boysun tumanidagi “Inkabod” mahallasida yangi ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi.
Uzunligi 28 metr, eni 3 metr, balandligi 7 metr bo‘lgan ko‘prik qurilishi uchun tuman hokimligi tomonidan zarur sement va temir mahsulotlari yetkazib berildi. Qurilish ishlari esa mahalla aholisining ahilligi va hamjihatligi asosida hashar yo‘li bilan amalga oshirildi.
Ko‘prikning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi, nuroniylar, mahalla faollari hamda bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgan aholi vakillari ishtirok etdi.
Eng muhimi, bu ko‘prik xalqning birdamligi, ahilligi va ezgu maqsad yo‘lidagi hamjihat mehnatining yorqin namunasi bo‘ldi.

