Surxondaryoda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay va xavfsiz transport qatnovini ta’minlash borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.
Prezidentimizning 2023-yilda viloyatimizga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar asosida umumiy uzunligi 111 kilometr bo‘lgan “Darband–Boysun–Elbayon” avtomobil yo‘lini qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Loyihaning xalqaro pudratchi “Lankaran Yol Tikinti” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan 1-loti doirasidagi 5–32,5 kilometrlik yo‘l qismi to‘liq qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur bosqich doirasida 7 ta ko‘prik hamda tungi yoritish tizimiga ega 8 kilometr zamonaviy piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Shuningdek, loyihaning 7,1-kilometrida uzunligi 60 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgich ham bunyod etildi.
Yo‘lning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, faollar, mutasaddilar, pudratchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yangi yo‘l, ko‘priklar va piyodalar yo‘laklari hududda transport qatnovini yanada qulay va xavfsiz qilish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

