Aholi uchun qulay sharoit yaratish, mahallalarni obod qilish va el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar Boysun tumanining olis tog‘li hududlarida ham izchil davom etmoqda.
Jumladan, Yuqori Machay mahallasida Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Obod turmush” va “Qahramon” ko‘chalarini bog‘lovchi daryo ustidan yangi ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ko‘prik qurilishi uchun tuman hokimligi tomonidan temir va sement mahsulotlari yetkazib berilgan bo‘lsa, mahallaning faol nuroniysi Chorshanbi Hoji Jo‘raqulov qurilish ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirdi. Mahalla raisi Mengli Murtazoyev tashabbusi bilan yosh-u qari, nuroniylar hasharga chiqib, bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shdilar.
Yangi ko‘prik mahalla aholisi uchun yanada qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini yaratdi.

