SO‘Z VA SHAXSIYAT

Date:

So‘z – har qanday ulug‘ san’atkor ijodida muallif ko‘zlagan maqsaddan ham ortiqroq ma’no va mazmunni o‘zida mujassam etadigan mo‘jizaviy hodisadir. Bu —ijodkor qismatiga bitilgan rahmat va rag‘batning bir ko‘rinishidir.

Adabiyotning hal qiluvchi omili esa, shubhasiz, adibning shaxsiyati — uning qalbi, ko‘ngli va e’tiqodidir.

Shaxsiyat — bu adibni boshqalardan ajratib turuvchi noyob mezon, hali hech bir tasvirni aks ettirmagan musaffo ko‘zgu, hali hech kim yurmagan yolg‘izoyoq yo‘ldir. Aynan shu shaxsiyat ijodkor yaratgan mavzular, qahramonlar, xarakterlar va timsollar bilan shu qadar jipslashib ketadiki, natijada yozuvchi bilan badiiy asar o‘rtasidagi chegaralar xiralashadi. O‘quvchi esa adib va uning qahramonlari o‘rtasida chuqur ruhiy yaqinlikni, go‘yo bir buyuk do‘stlikni his etadi.

Bu qahramonlar sun’iy, to‘qima obrazlar emas, balki hayotda biz bilan yonma-yon yashayotgan oddiy, samimiy insonlardir. Shu bois kitobxon asarni begona qabul qilmaydi, undan yotsiramaydi. Ana shunday buyuk adiblardan biri — O‘zbekiston xalq yozuvchisi, yangilangan o‘zbek nasrining yirik vakili, inson ruhiyati va tabiat manzaralarining nozik musavviri Shukur Xolmirzayevdir.

Agar Chingiz Aytmatov qirg‘iz xalqining orzu-armonlari, urf-odatlari va tarixini so‘z san’ati orqali jahon miqyosida tanitgan bo‘lsa, Shukur Xolmirzayev o‘zbek xalqining fe’l-atvori, ichki kechinmalari va ruhiy olamini sodda, ammo teran tasvirlar orqali ifoda etgan ijodkordir.

Adib Boysunning kengliklari, tog‘lari va dashtlari bag‘rida ulg‘aydi. Shu bois uning har bir asarida ona yurt manzaralari — tog‘lar, buloqlar, o‘t-o‘lanlar va sodda insonlar hayoti bilan uzviy bog‘liqlik sezilib turadi.

Shukur Xolmirzayev asarlari mazmunan XX asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy hayot, inson tafakkuridagi o‘zgarishlar, ruhiy yuksalishlar va ichki ziddiyatlarni aks ettiradi. U ijodining dastlabki bosqichida Jek London, Robindranath Thokur, Anton Chexov hamda Abdulla Qahhor kabi adiblar ta’sirida bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘ziga xos, milliy ruhdagi betakror uslubni yaratdi.

Adib ijod qilgan 70–80-yillar murakkab davr edi. Bu yillarda jamiyatda turli g‘oyaviy bosimlar hukm surgan, inson ongiga tashqi ta’sirlar kuchli bo‘lgan. Shunga qaramay, yozuvchi o‘z ijodida adolat, tenglik va insoniylik g‘oyalarini ilgari surdi.

Shukur Xolmirzayev ijodida tabiat va inson tasviri hamisha uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. U insonni ulug‘laydi, tabiatni esa mehr bilan tasvirlaydi. Adib o‘z asarlarida ona yurtga muhabbatni, insonlarga bo‘lgan sog‘inch va mehrni milliy timsollar orqali ifodalaydi.

Yozuvchi asarlarida ikki buyuk ne’mat — mehr-muhabbat va mehnat insonni yuksaltirishi, uni haqiqiy odamlik darajasiga olib chiqishini ta’kidlaydi. Adabiyotshunoslar ham uning hikoyachilik mahoratini yuksak baholab, uni Abdulla Qahhordan keyingi an’analarni muvaffaqiyat bilan davom ettirgan ijodkor sifatida e’tirof etadilar.

Adib qissalari ham chuqur mazmuni, jonli obrazlari va badiiy jozibasi bilan ajralib turadi. Uning qahramonlari buyuk sarkardalar emas, balki oddiy, kamtar, samimiy insonlardir. Masalan, “Oq otli”,  “Yo‘llar, yo‘ldoshlar”, “Yur, tog‘larga ketamiz!”, “Tuproq ko‘chalar” kabi qissalarda o‘smirlar, sodda qishloq aholisi va ularning hayoti tasvirlanadi.

“Oq otli” qissasida Qosimjon va Sher-zod obrazlari orqali bolalikning beg‘uborligi, do‘stlik va adolat masalalari yoritiladi. Sherzodning sadoqati, fidoyiligi va pok qalbi kitobxon qalbida chuqur taassurot qoldiradi.

“Yur, tog‘larga ketamiz!” qissasida esa inson va hayvon o‘rtasidagi sadoqat, mehr va do‘stlik tuyg‘ulari ta’sirchan ifoda etilgan. Asarda hasad va razillik kabi illatlarning yoshi yo‘qligi, ularning har qanday inson qalbida uchrashi mumkinligi ochib beriladi.

Umuman olganda, Shukur Xolmirzayev butun umri davomi-da insonni, tabiatni va hayotni chin dildan sevib ijod qilgan yozuvchidir. Uning asarlari bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, aksincha, insoniylik, mehr va haqiqatni anglash yo‘lida muhim badiiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Zaynab OMONOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

UMR — ILM, XIZMAT VA SHARAF YO‘LI

Ustoz haqida so‘z yuritish — bu shunchaki bir insonning...

SO‘Z VA SHAXSIYAT

So‘z – har qanday ulug‘ san’atkor ijodida muallif ko‘zlagan...

ZAMON  BILAN  HAMNAFAS

Bugungi tezkor va axborotga boy davrda inson ongini shakllantirish,...

“XABEAS KORPUSI” —  KECHADAN BUGUNGA

Inson erkinligi — har qanday demokratik jamiyatning eng oliy...
KunTun
KunTun