Bugungi tezkor va axborotga boy davrda inson ongini shakllantirish, uning fikrlash doirasini kengaytirish va ma’naviy barkamolligini ta’minlash masalasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday murakkab, ammo sharafli vazifani bajarishda kutubxona va unda faoliyat yuritayotgan xodimlarning o‘rni beqiyosdir. Kutubxona — bu faqat kitoblar saqlanadigan joy emas, balki inson tafakkurini boyitadigan, uni yangi g‘oyalar sari yetaklaydigan ma’rifat maskanidir.
Kutubxona xodimi esa ushbu maskanning yuragi hisoblanadi. U kitoblar bilan inson o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajaradi. Har bir kitobxon kutubxonaga ma’lum bir ehtiyoj bilan keladi — kimdir bilim izlab, kimdir ruhiy taskin topish uchun, yana kimdir esa ilmiy izlanish olib borish maqsadida. Kutubxonachi ana shu ehtiyojlarni to‘g‘ri anglab, ularga mos manbalarni topib bera olishi zarur. Bu esa undan nafaqat bilim, balki psixologik sezgirlikni ham talab etadi.
Zamonaviy kutubxona xodimi bugungi kun talablari asosida faoliyat yuritishi kerak. Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi kutubxonachilik sohasiga ham yangicha yondashuvlarni olib kirdi. Endilikda kitoblar bilan ishlash bilan bir qatorda, elektron kataloglar, onlayn kutubxonalar, raqamli arxivlar bilan ishlash ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kutubxonachi foydalanuvchiga nafaqat an’anaviy kitoblarni, balki elektron resurslarni ham taklif qila olishi kerak.
Bugungi yoshlar ko‘proq raqamli axborot manbalariga murojaat qilayotgan bir paytda, kutubxona xodimining vazifasi yanada murakkablashmoqda. U yoshlarni kitobga qaytarish, ularning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun turli innovatsion usullarni qo‘llashi lozim. Kitobxonlik tanlovlari, adabiy uchrashuvlar, mualliflar bilan muloqotlar, ijodiy kechalar — bularning barchasi kutubxonachining tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan amalga oshiriladi.
Kutubxona xodimi shuningdek, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlovchi kuch hamdir. U milliy qadriyatlar, tarixiy meros, adabiy durdonalarni targ‘ib qilish orqali yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Har bir kitobxon bilan muloqotda u nafaqat axborot beruvchi, balki ma’naviy yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Ularning mehnati orqali jamiyatda ilmga bo‘lgan hurmat oshadi, kitobxonlik madaniyati rivojlanadi va eng muhimi, kelajak avlodning ma’naviy poydevori mustahkamlanadi.
Moxina IBRAGIMOVA,
Surxondaryo viloyat bolalar
kutubxonasi xodimi

