Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida “Ochiq eshiklar kuni” doirasida o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Vatanparvarlik” tadbiri o‘tkazildi. Unda Termiz harbiy prokurori yordamchisi, adliya katta leytenanti S. Bebetov ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlarga Vatanga sadoqat, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli burch ekani, shuningdek, yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda harbiy xizmatchilarning o‘rni haqida batafsil tushunchalar berildi. Ayniqsa, bugungi murakkab va tahlikali zamonda yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilarga harbiy qism faoliyati, xizmat sharoitlari hamda zamonaviy harbiy texnika va jihozlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Ochiq va samimiy muloqot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishdi.
Mazkur tadbir yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

