Bugungi kunda yurtimizda milliy merosni asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va ma’naviy boyliklarni chuqur o‘rganish hamda uni kelajak avlodga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ana shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida barpo etilgan muhim ma’rifiy maskanlardan biri — O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi. Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan bo‘lib, u xalqimiz tarixi, madaniyati va islom sivilizatsiyasining boy merosini namoyon etuvchi noyob ilmiy-ma’rifiy majmua sifatida e’tirof etilmoqda.
Yaqinda Surxondaryo viloyatidan bir guruh nuroniylar, faollar va ziyolilar uchun ushbu markazga ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Mazkur tashabbus doirasida O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha sharoitlar yaratilib, qariyb 300 nafar surxondaryolik nuroniy, faollar va ziyolilar uchun markazga sayohat uyushtirildi.
Markaz hududini aylanar ekanman, go‘yo insoniyat tarixining turli davrlari ko‘z oldimda jonlangandek bo‘ldi. Ekspozitsiyalarda dunyo yaralishi haqidagi ilmiy qarashlardan tortib, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va yuksalishigacha bo‘lgan tarixiy jarayonlar juda ta’sirli tarzda namoyon etilgan.
Bu yerga kirgan inson go‘yo ming yillik tarix bilan yuzma-yuz keladi. Ayniqsa, islom dunyosidagi Birinchi Renessans davrida Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi mutafakkirlarning ilmiy merosi haqidagi ma’lumotlar juda katta taassurot qoldirdi. Bu ekspozitsiyalar orqali islom sivilizatsiyasining ilm-fan, tibbiyot, falsafa va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Markazda Ikkinchi Renessans — Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivoji ham alohida ekspozitsiyalar orqali ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyoti ham zamonaviy texnologiyalar orqali namoyon qilingan.
Markaz ekspozitsiyalarida yurtimizning barcha viloyatlari tarixi, madaniyati va ma’naviy hayoti qamrab olingani, uning mazmunan keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi. Bir kunlik sayohatda go‘yo bir necha asrlik tarixni ko‘z oldimdan o‘tkazgandek bo‘ldim. Markazning arxitekturasi ham alohida e’tiborga loyiq. Milliy me’morchilik an’analari bilan uyg‘unlashgan zamonaviy uslubda qurilgan bu majmua nafaqat ilmiy-ma’rifiy, balki madaniy va ma’naviy ahamiyati bilan ham yurtimizning eng go‘zal maskanlaridan biriga aylangan.
Men bu muzeyni dunyoning sakkizinchi mo‘jizasiga qiyosladim. Yurtimizda bunday ma’rifiy majmualar barpo etilayotgani, xalqimiz tarixi va madaniyatiga yuksak e’tibor qaratilayotgani har bir yurtdoshimiz qalbida iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Ra’no Salomova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Pedagogika fakulteti dekani, falsafa fanlari doktori (PhD)

