Surxon zamini ulug‘ mutafakkirlar, olim-u fuzalolar yurtidir. Ayniqsa, IX asr hadis ilmining oltin davri, beshigi sanalgan bir davrda yuzlab muhaddislar yetishib chiqqan bo‘lib, ular orasida olti ulug‘ imom qatorida tilga olingan vatando-shimiz, Imom Abu Iso Termiziyning borligi qalbimizda milliy iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Ta’kidlash kerakki, Imom Termiziy yashagan davr ilm-ma’rifatning eng gullab-yashnagan, yuksalgan davri bo‘lib, uning hadis, tafsir, tarix, tasavvuf va boshqa sohalarga doir o‘ndan ortiq asarlari alohida ahamiyatga ega. Xususan, Abu Iso Termiziyning “Al-Jome’ as-sahih”, Ash-shamoil al-Muhammadiya” hamda boshqa asarlarida keltirilgan hadislar katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni, butun insoniyatni halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, mehnatsevar, ota-onaga hurmat-e’tiborli bo‘lishga da’vat etadi.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 15-avgustda qabul qilingan “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi qarorda nazarda tutilgan:
Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosini yana ham chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish;
Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan holda ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish;
Imom Termiziy ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, jumladan, yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish;
Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va Termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining ko‘rgazmasini tashkil etish va o‘sib kelayotgan yosh avlodlarning ma’nan kamol topishini ta’minlash kabi va boshqa vazifalar hayotimizga o‘zgacha bir shukuh bag‘ishlaydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, bugungi kunda Termizda faoliyat olib borayotgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham Prezidentimizning tashabbuslari bilan bilan tashkil etilgan bo‘lib, markaz xodimlari tomonidan
230 dan ortiq Termiziy allomalar hayoti, ilmiy merosi ilmiy asosda chuqur o‘rganilib, kitob holida chop etish, tarjima va sharhlarini tayyorlash ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek,
Imom Termiziy haqidagi “Termizlik ikki alloma”, “Imom Abu Iso Termiziy hayoti va ijodi sahifalari”, “Imom Termiziy”, “Termizning bezavol qal’alari yoxud Termiz tarixi” kabi asarlar bugun kun yoshlarini tarbiyalashda, dunyoqarashini o‘stirishda suv va havodek zarurdir.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy va Termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda o‘rganish va xalqqa yetkazish o‘ta muhim ishdir”. Va biz ham Termiziylar avlodi sifatida bu ishga mas’ulligimizni unutmasligimiz shart.
Umid Xolnazarov,
TerDU katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

