Joriy yil davomida viloyat bolalar kutubxonasi yosh avlodni kitobxonlikka jalb etish, ularning bilim va tafakkurini rivojlantirish borasida samarali ishlarni amalga oshirdi. Xususan, kutubxona faoliyati zamonaviy talablar asosida takomillashtirilib, bolalar va o‘smirlar uchun qulay, innovatsion muhit yaratildi.
Bolalar kutubxonasi fondi yangi nashrlar bilan boyitildi. Xususan, badiiy adabiyotlar, bolalar ensiklopediyalari, ilmiy-ommabop va xorijiy mualliflar asarlaridan iborat yuzlab yangi nomdagi kitoblar fondga qabul qilindi. Bu esa yosh kitobxonlarning qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Oilaviy kitobxonlikni targ‘ib qilish ortidan kelajakda yosh shoir va yozuvchilarning iste’dodini shakllantirish, ularni yetuk adib sifatida kamol toptirishga xizmat qiladigan o‘nlab mazmundagi tanlov va badiiy-ma’rifiy dasturlar o‘tkazildi. “Ijodkor bolalar”, “Eng faol kitobxon maktab”, “Eng faol kitobxon o‘quvchi”, “Eng kitobxon oila” kabi tanlovlarning mohiyati ham aynan mana shunday ezgu maqsadni ko‘zlaydi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari kutubxonachilari uchun o‘quv seminarlar tashkil qilinishi esa soha rivojida muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Zotan, ziyo maskanining maqsadini mukammal anglagan xodimgina natija ko‘rsata oladi, samarali faoliyatga erishadi. Hozirgi kunda ham yangidan-yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilayotir. “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Qariyalar — xonadonimiz fayzi va farishtasi” shiori ostida keksalarimiz xonadonlari tomon kitob karvoni yo‘l oladi, ko‘chma uy kutubxonasi tashkil etilib, nuroniylarimizning pand-nasihatlaridan bahramand bo‘lish imkoni bilan birgalikda uyimiz farishtalarining vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Bunda xodimlarimiz nogiron va keksa yoshdagi kitobxonlarimizga fondimiz adabiyotlaridan yetkazib berishadi hamda kitobxonlarimiz bilan dildan suhbatlashishadi. Demakki, viloyat bolalar kutubxonasi faqatgina bolalarga xizmat qilmaydi, uning abonementlari orasida bugungi kunda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi bor desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Yil davomida “Kitob — bilim manbayi”, “Bir bolaga — bir kitob”, “Mutolaa haftaligi” kabi ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitob ko‘rgazmalari, adabiy uchrashuvlar va ijodiy tanlovlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda maktab o‘quvchilari, tarbiyalanuvchilar va pedagoglar faol ishtirok etib, o‘z bilim va iqtidorlarini namoyish etdilar. Shuningdek, kutubxonada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanildi. Elektron kataloglar, raqamli resurslar va onlayn xizmatlar orqali kitobxonlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa zamonaviy kitobxon talablariga mos keladigan muhim qadam bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, viloyat bolalar kutubxonasi 2025-yilda o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, bolalar ma’naviy olamini boyitish va kitob-xonlik madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shdi, deya olamiz. Kelgusi yilda ham kutubxona jamoasi yangi tashabbuslar va loyihalar bilan yosh kitobxonlar xizmatida bo‘lishni maqsad qilgan.
Sayyora G‘ofulova,
Viloyat bolalar kutubxonasi Uslubiy bo‘lim boshlig‘i

