Kurash san’atining butun sir-asrorlarini o‘rgangan bir pahlavon bor edi. Bu borada unga teng keladigan topilmasdi. Kurashda uch yuz oltmish xil o‘yin ko‘rsata olar edi. Raqiblari uning aql bovar qilmas o‘yinlari qarshisida doim mag‘lub edilar. Bu mohir pahlavonning qo‘lida yaralanishni istagan kurashchilar oz emas edi. Uning bir talay shogirdlari bo‘lib, imkon boricha ularga kurash san’ati sir-asrorlarini o‘rgatar edi.
Vaqt o‘tgan sayin pahlavon ham sekin-asta keksaya bordi. Ammo, u mehnat qilishdan charchamadi. Ayniqsa, bir shogirdi uchun juda ko‘p ter to‘kdi. Chunki bu shogirdi boshqalariga qaraganda juda qobiliyatli, ancha baquvvat edi. O‘zi bilgan o‘yin sirlaridan uch yuz ellik to‘qqiztasini unga o‘rgatdi. Va har ehtimolga qarshi, bitta o‘yin sirini sir saqladi.
Shogirdi kuragi yerga tegmaydigan, eng zo‘r pahlavon bo‘lib yetishdi. U tez-tez kurashlarda qatnashib, o‘ziga quvvat olar, tajribasini boyitar edi. Va nihoyat, yer yuzida unga teng keladigani topilmay qoldi. Shundan so‘ng, u g‘ururga berilib, ustoziga qarshi tushishga bel bog‘ladi. “Endi mendan kuchli kurashchi qolmadi”, deya maqtana boshladi.
Bir kuni podshoh huzurida olib borilgan kurashda u shunday dedi:
— Ustozimning quvvati uning yoshi ulug‘ligi va meni tarbiya qilganligi bilan o‘lchanadi. Kuch-quvvatda men undan kam emasman. Kurashning barcha sir-sinoatini uningdek bilaman.
Bu havoli gaplardan podshoh sira xushlanmadi. Aksincha, unga bir saboq berish kerakligini tushundi. Ustoz baribir shogirdini yengishiga ishonchi komil edi. Podshoh ustoz va shogirdning kurashga chiqishlarini istadi. Keksa pahlavon istar-istamas rozi bo‘ldi.
Kurash maydoni hozirlandi. Davlat arboblari va erta kelgan tomoshabinlar old qatorlardan o‘rin oldilar. Butun xalq maydonni o‘rab oldi. Hammaning e’tiborida shu mashhur kurash edi. Katta qiziqish bilan pahlavonlarning chiqishini kutishdi.
Bir payt, yosh kurashchi o‘kirgan fil kabi maydonga chiqdi. Uning shunday bir haybati bor ediki, go‘yo turgan joyidan qalin daraxtlarni ham ildizi bilan qo‘porib olgudek ko‘rinardi. To ustoz maydonga chiqguncha, nafaslar tingan edi. Keksa pahlavon shogirdining kuchda yuksalib ketganini ko‘rmagan edi. Uni osongina yiqitaman, deb o‘ylagandi…
Yosh kurashchi diqqat bilan ustoziga yaqinlashib kela boshladi. Keksa pahlavon zudlik bilan raqibini qopqonga oldi. Va anchadan beri yashirib kelgan uch yuz oltmishinchi usulni o‘yinda qo‘lladi. Shogirdi bu yangi usulning yechimini bilolmay, garangsib qoldi. Ustoz uni ikki qo‘llab ko‘tarib oldi-da, oxiri nima bo‘lishini o‘ylab ham o‘tirmay, yosh pahlavonni yerga uloqtirdi.
Shogird nima bo‘lganini anglay olmadi. Kuragi yerga tekkanini ko‘rdi, xolos. Atrofida xalqning hayqiriq ovozlari eshitilardi:
— Yasha!.. Yasha, pahlavon!.. Barakalla!..
Podshoh bu natijadan nihoyatda mamnun bo‘ldi. Xursandchiligini yashirmay, tabriklash uchun kurash maydoniga, keksa pahlavonning oldiga keldi. G‘olibni qutlab, unga hadyalar in’om qildi. Va havolanib ketgan yosh kurashchiga qarab:
— Hurmat chegarasidan oshib, ustozingni kamsitding. Uyalmasdan u bilan bo‘y o‘lchashga turding va ishni uddasidan ham chiqa olmading. Bu senga saboq bo‘lsin! — dedi.
Hamma tarqalgach, yosh kurashchi ustozining ortidan bordi. Ustoziga qarab:
— Demak, mendan yana bir o‘yinni sir tutgan ekansiz-da, ustoz? – dedi. — To‘g‘risi, bu hech xayolimda yo‘q edi. Bugun, o‘sha o‘yin bilan meni mag‘lub etdingiz…
— Tajriba avloddir! Demak, u o‘yin ham shunday bir kun uchun kerak edi. Donolar, “Do‘stingga, senga dushmanlik qila oladigan darajada quvvat berma!” deganlar. O‘z shogirdidan aziyat chekkan odamning ham shunday deganini eshitgan edim: “Yo bu olamda vafо yo‘q, yoki bu zamonda har bir odam vafosiz. Biri kamon otish ilmini mendan o‘rgansin-da, oxirida meni nishonga olmasin!”
Shogirdi bu so‘zlarni eshitarkan, o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Ustozining qo‘llarini tavof qilib, undan kechirim so‘radi.
Keksa pahlavon
Date: