Ta’lim-tarbiya inson hayotida eng muhim poydevordir. Ayniqsa, maktab davri – har bir yoshning dunyoqarashi, tafakkuri, kelajakdagi orzu-intilishlarini shakllantiradigan eng muhim bosqichdir. Maktab – nafaqat bilim beradigan maskan, balki tarbiya o‘chog‘i, jamiyatning ertangi kunini yaratadigan avlodni voyaga yetkazuvchi muqaddas dargohdir. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida tizimida 1 485 ta ta’lim muassasasi (967 ta umumta’lim maktabi, 16 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi va
17 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar hamda 485 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti) faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda ushbu umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 540 ming 801 nafar o‘quvchi-yoshga 48 509 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. 2024/2025-o‘quv yili yakuni bo‘yicha viloyat bo‘yicha
35 257 nafar 11-sinf o‘quvchisining 488 nafariga oltin va 135 nafariga kumush medal berildi.
Bugun Surxondaryo maktablarida erishilayotgan oltin va kumush medallar, fan olimpiadalaridagi yutuqlar, xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlar – bularning barchasi o‘quvchi va ustoz o‘rtasidagi mashaqqatli, ammo sermazmun hamkorlikning mevasi. Zero, har bir medal, har bir g‘alaba ortida ko‘plab saboq kunlari, o‘nlab mashg‘ulotlar, tinimsiz izlanish va mehr bilan berilgan bilimlar turibdi. Shu bois bugungi natijalarni nafaqat o‘quvchilarning, balki ularni qanotlantirgan ustozlarning ham g‘alabasi, butun viloyat ta’lim tizimining yutuqlari, ertangi kunimizga qo‘yilgan mustahkam poydevor sifatida baholash mumkin.
Kasb toifalari – ta’lim sifatining mezoni
Ta’lim jarayonida o‘qituvchilarning kasb toifalari ham alohida ahamiyatga ega. Chunki pedagogning malaka darajasi nafaqat uning shaxsiy o‘sishini, balki o‘quvchilarga beriladigan bilim sifati va samaradorligini ham belgilaydi. Har bir o‘qituvchining “yosh mutaxassis”dan tortib “katta o‘qituvchi”, “oliy toifali pedagog”gacha bo‘lgan bosqichlarda yuksalishi – ularning bilimdonligi, tajribasi, metodik yondashuvi va yangiliklarni amaliyotga tatbiq eta olish qobiliyatiga bog‘liq.
2025-yilda jami 49 492 nafar pedagogdan 4 833 nafari (9,8 foiz) oliy toifali, 9 967 nafar (20,1 foiz) birinchi toifali pedagoglar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jami oliy va birinchi toifali pedagoglar 14 800 nafar (29,9 foiz)ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xorijiy til o‘qituvchilarining 1 982 nafari (52,8 foiz) milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatlariga ega bo‘lishgan bo‘lsa, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning 2 041 nafari turli darajalardagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatlar sohibiga aylanishgan.
Bu toifalarning mavjudligi o‘qituvchilarni muntazam izlanishga, o‘z ustida ishlashga, yangi metod va pedagogik texnologiyalarni o‘rganib, dars jarayoniga joriy etishga undaydi. Natijada, dars samaradorligi oshadi, o‘quvchilar bilimni yanada puxta o‘zlashtiradi, ularning tafakkuri va ijodkorlik salohiyati kengayadi.
Eng muhimi, kasb toifalari ta’lim tizimida sifat mezoni sifatida xizmat qiladi: ular orqali ustozlarning mehnati munosib qadrlanadi, jamiyatda o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan hurmat va e’tibor kuchayadi.
Yoshlar uchun yangi ufqlar
Bugungi kunda maktablarda an’anaviy fanlar bilan bir qatorda xorijiy tillarni chuqurlashtirib o‘qitish, shuningdek, zamonaviy kasblar asoslarini o‘rgatish ham yo‘lga qo‘yilgani diqqatga sazovordir. Ingliz, rus, koreys, xitoy kabi tillarni puxta o‘zlashtirish imkoniyati yoshlar uchun yangi ufqlarni ochmoqda: ular nafaqat oliy ta’lim bosqichida, balki xalqaro miqyosdagi hamkorlik, ilmiy izlanish va kasbiy faoliyatda ham o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun zamin yaratmoqda. Kasb-hunar o‘qitish joriy etilgan maktablarda hozirda 49 ta sinf va 1 362 nafar o‘quvchi (704 nafari qizlar yani 53 foiz)ni tashkil etadi. Kasb-hunar o‘qitish joriy etiladigan 15 ta maktabga 8 nafar tadbirkor jalb etilib, bugungi kunda mazkur tadbirkorlar bilan uchrashuv va suhbatlar tashkil etilgan. Bunday suhbat va uchrashuvlar, beriladigan bilim va ko‘nikmalar yoshlarning kelgusida mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishini, o‘z yo‘lini tezroq topishini, eng asosiysi – mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor avlod sifatida voyaga yetishini ta’minlaydi.
Demak, ta’lim tizimida xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘qitish jarayonining kengayishi – bu yoshlar hayotida nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba va imkoniyatlar eshigini keng ochayotgan eng muhim islohotlardan biridir.
Xavfsiz maktab – ishonchli kelajak sari
Ta’lim muassasalarida “Xavfsiz maktab” tushunchasining shakllangani ham o‘quvchi va ota-onalar uchun muhim qulayliklar yaratmoqda. Videokuzatuv, elektron kirish-chiqish tizimlari, yong‘inga qarshi zamonaviy jihozlar, tezkor aloqa vositalari — bularning barchasi maktab hududida bolalarning xavfsizligini ta’minlaydi. Ota-onalar farzandi maktabga borib, sog‘-salomat qaytishiga ishonch hosil qiladi, o‘quvchilar esa o‘zini tinch va ishonchli muhitda his qiladi.
2025-yil boshidan iyun oyi yakuniga qadar umumta’lim maktablaridagi 7-11-sinf o‘quvchilarining 19 328 nafar “Coursera” loyihasi doirasida IT sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha onlayn o‘qitildi.
Xavfsiz maktab loyihasi doirasida Termiz shahridagi
26 ta va Denov tumanidagi bitta maktabga FaceID (turniket) qurilmasini o‘rnatish uchun
2 milliard 967 million so‘m mablag‘ ajratilib, barcha maktablarga ushbu qurilmalarni o‘rnatish ishlari yakuniga yetdi. Ushbu maktablarda o‘quvchilarni onlayn davomat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Natijada, raqamlashtirish va xavfsizlik choralarining kuchayishi ta’lim sifatini oshirish bilan birga ota-ona va o‘quvchi ishonchini mustahkamlaydi, zamonaviy maktab obrazini shakllantiradi.
Iqtidorlar sayqallanib…
2025-yilning II choragida viloyatdagi maktablarda 59 mingdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilib, ularga 550 mingdan ziyod o‘quvchilar jalb etildi.
Viloyatda o‘tkazilgan “Iqtidor” va “Turon” tanlovlari esa yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni san’at va ijodga jalb etishda muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, maktab jamoalarining respublika bosqichida “Eng kreativ jamoa” hamda “Eng yaxshi xalq kuylarini talqin etgan ansambl” nominatsiyalarini qo‘lga kiritgani yurtimiz yoshlarining salohiyati qanchalik yuksak ekanidan dalolatdir.
Shu kabi muvaffaqiyatlar zamirida, avvalo, ustozlarning fidokorona mehnati, bolalarning qiziqish va iqtidorini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan intilishi yotadi. Bugun ta’lim tizimida olib borilayotgan bu ishlarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ilmdan, san’at va sportga yo‘naltirish orqali ertangi kunimiz – bilimli, salohiyatli, tashabbuskor avlod qiyofasi ko‘z o‘ngimizda gavdalanmoqda.