Birinchi saboq

Date:

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish odatga aylangan. O‘qituvchilar qanday dars o‘tyapti? O‘quvchilarning qiziqishini oshirib, e’tiborini torta olyaptimi? Nima bo‘lganda ham, darsga xalaqit bermaslikka, chalg‘itmaslikka urinaman. Navbatdagi sinfxonada birinchi sinf o‘quvchilari bilan ustozi suhbatlashyapti: “Sen kelajakda kim bo‘lmoqchisan” degan savol qulog‘imga chalindi-yu, to‘xtadim.
Ichkarida esa suhbat davom etardi. Tillari burro-burro bolajonlar javob qaytarayotgandi. Orada sukunat cho‘mdi. Qaysidir o‘quvchi sekin va ishonchsizlik bilan:
— Ustoz, men shifokor bo‘lmoqchiman. Ammo qo‘rqyapman, uddalay olmasam-chi… — dedi.
Bu suhbat xayollarimni uchirib yubordi. Esimda, mana shu sinfxonalarning birida men ham birinchi sinfga borganman. Katta umidlar bilan qalbimda qo‘rquv, hadik va hayajon bo‘lgani ham rost. Axir, hamma ham bir xilda qat’iyatli bo‘lavermaydi-ku.
O‘sha kungi voqea esa hech qachon yodimdan chiqmaydi. Birinchi sinfda o‘qiyman. Bola ko‘nglim bilan ustozimni uncha yaxshi tushunmaganim rostdir, ammo ustozimizning yaxshi kiyingan, qo‘llarida dasta-dasta pul olib keladigan sinfdoshlarim bilan muomalasi juda iliq bo‘lishini bola ko‘nglim ham, aqlim ham yaxshi anglardi.
O‘shanda eslolmayman, nimagadir pul yig‘ildi. Hamma berdi, men esa yo‘q. Dadamning ishlari yurishmayotgan, oilamiz tang ahvolda edi, balki o‘sha pulni bera olishardi. Lekin ota-onamni qiyin ahvolga solishni istamay so‘ramagandim. Turgan gapki, bu ustozimga yoqmadi. Bir necha daqiqalik savol-so‘roqdan keyin dars boshlandi. Ustoz esa o‘rtaga savol tashladi. Bizdan kelajakda kim bo‘lishimizni so‘radi. Sinfdoshlarimdan biri tadbirkor, biri shifokor bo‘lishini mag‘rurlanib aytdi. Sinfdagi Aziz ismli o‘quvchi obro‘li odamning farzandi emasmi, u “men kim bo‘laman ustoz”, deya o‘qituvchiga savol nazari bilan boqdi. O‘qituvchi ham: “sen hokim bo‘lasan” dedi. Shundan so‘ng, hamma qiziqsinib, ustozni savollarga ko‘mib tashladi, hammaga eshitganda moydek yoqib tushadigan kasb va lavozimlarni aytdi. Navbat esa menga kelgandi. Mahmadonaroq sinfdoshim Niso ustozga meni ko‘rsatib, katta bo‘lsam kim bo‘lishimni so‘radi. Men esa hayajonda edim. Javobi qanday bo‘larkin?! Ustoz esa oddiygina oilaning farzandi bo‘lgan kaminani chiqindi tashiydigan ishchi bo‘ladi dedi.
Hamma kuldi. Ammo, bu gaplar meni izza qilish bilan birga xafa qildi. Shunda yig‘lashdan nari bo‘lib, ichimda, albatta, bunday bo‘lmasligini isbotlashni o‘z-o‘zimga qat’iy so‘z berdim. Shundan so‘ng, bu maktabda ko‘p o‘qimadim, ko‘chib ketganimiz uchun, maktabimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keldi.
Birinchi maktabimdagi sinfdoshlarim bilan oramiz uzilib ketmadi. Vaqt o‘tdi, o‘sha katta lavozimdagi otaning o‘g‘li Aziz bebosh bolalarga qo‘shilib, otasining borini sovuradigan bo‘lib chiqdi.
Ustozni esa shu-shu ko‘rmadim. Toki qarindoshim shifoxonaga betob bo‘lib tushib qolmagunigacha… Koridorda bemorni kutarkanman, pol artayotgan ayolning jarangli ovozi e’tiborimni tortdi.
Kim edi bu ayol, qayerda ko‘rganman?! Ovozi ham, ko‘zlari ham tanish.
Inson keksaysa ham ko‘zlari o‘zgarmas ekan.
Esladim. Bu o‘sha birinchi ustozim edi. Hozir esa oldingi kalandimog‘likdan asar ham qolmagandi. Yuzlariga vaqt o‘z soyasini solgan, sochlariga esa oq oralab, ustozni so‘lg‘in holatga tushirib qo‘ygandek edi. Men o‘zimni tanitmadim, ustozni xijolat qilishni istamadim. Nima bo‘lganda ham ustozning bashoratlari to‘g‘ri chiqmadi. Men ham o‘qituvchi bo‘ldim. Ammo o‘sha birinchi ustozimdek emas. O‘sha kungi voqea menga saboq bo‘lgan edi.
Mana shunday o‘ylar bilan yana sinfxonadagi suhbatning oxiriga qiziqdim. Ustoz bu o‘ziga ishonchi past bolakayga qanday javob berarkin?
Ustoz esa:
— Hali yoshsan, yaxshi o‘qisang, o‘z sohangni yaxshi o‘rgansang, albatta, niyatingga yetasan. Qo‘rquvlaring ham tumandek tarqab ketadi. Men senga ishonaman, sen o‘z orzungga yetasan. Shundaymi, bolajonlar! — dedi.
Shunda butun sinf guvillab tasdiqlagan bo‘lishdi. Qanday yaxshi! Bolajon quvongandir, yolg‘iz emasligini his etgandir. Bu holatdan quvondim. Bugunning ustozlari yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydi, har bir so‘zi o‘g‘il-qizlarning orzulariga esh. Kechagi kunlar esa ortda qoldi. Ammo shuni angladimki, ustoz yaxshimi-yomonmi, har bir harakati bilan yoshlar hayotida o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmas ekan. Balki o‘sha voqea bo‘lmaganida hozir men ushbu ulug‘ dargohda turmasmidim… Nima bo‘lganda ham, sizdan minnatdorman, birinchi ustozim! Birinchi saboq unutilmaydigan bo‘ldi.

O‘quvchingiz…

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun