Bugungi kunda kitob o‘qish har qachongidan kuchli bo‘lsa kuchliki, aslo kam emas. Chunki uning zamonaviy ko‘rinishlari, elektron kutubxonalar soni ortib bormoqda. Mazkur tarmoqlarning afzalligidan biri shundaki, ular zamon, makon va vaqt tanlamaydi. Insonlar istagan paytida qayerda bo‘lishidan qat’i nazar o‘zlari xohlagan axborotni bir lahzada qidirib topa oladi. Qolaversa, zamonaviy kitob dunyosi mablag‘ va saqlash uchun joy masalasida ham ancha qulay. O‘z ustida tinimsiz ishlovchi kishilarga tez-tez kitob xarid qilish va saqlash anchagina mushkulliklarni olib keladi. Bundan tashqari, elektron kutubxonalarning eng afzal tomoni ulardagi fondning odatdagisidan anchagina katta ekanligidadir. Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada 40 ming nusxa qog‘oz variantidagi kitob mavjud bo‘lsa, elektron bazasida 120 ming nomdagi adabiyot mavjud ekan.
“Shohona, ammo kutubxonasiz uyga achinaman”, — degan edi ingliz yozuvchisi Jeyn Ostin. Ha, albatta, kitobni inson o‘z qo‘llari bilan o‘qishining gashti boshqacha. Bu uslubda o‘qilgan ma’lumot elektron tarzda mutolaa qilinganiga nisbatan 2 marta ko‘proq xotirada qolishi britaniyalik olimlar tomonidan isbotlanganligi ma’lum.
Bundan tashqari, bugun kundan kunga avj olib borayotgan “autizm” kasalligiga uchramasligimizning oldini olish uchun ham qog‘oz kitoblardan foydalanish samaralidir.
Fikrimizcha, an’anaviy tarzda kitob o‘qish insoniyatga ko‘proq natija beradi. Bejiz xalqimiz: “Ko‘zga yaqin, ko‘ngilga yaqin”, demagan. Bundan tashqari, qog‘oz kitobdan foydalanish inson salomatligiga foyda keltirishini ham aytish joiz. Harvard universiteti tadqiqotchilarining aniqlashicha, kechqurun qog‘oz kitob o‘qigan odamlar elektron kitob o‘quvchilarga qaraganda tezroq uyquga ketadi va uyqu sifatini yaxshiroq baholaydilar.
Qay yo‘sinda bo‘lmasin, kitobga bo‘lgan mehrimiz aslo kamaymasin. Zero, mashhur yozuvchi Heminguey ta’kidlaganidek: “Kitobdek aqlli va sodiq do‘st yo‘q”.
Dilafruz Qurbonova,
TerDU talabasi